
Har beshinchi o‘zbekistonlik kreditga ega: qarzdorlar soni o‘sishda davom etmoqda
Markaziy bankka ko‘ra, kredit oluvchilar ulushining o‘sishida bank xizmatlari qamrovining kengayishi, aholi rasmiy daromadlarining ortishi, kredit mahsulotlariga talabning saqlanib qolayotgani bilan bog‘liq.

2025 yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 5 milliondan ortiq fuqaroda bank kreditlari mavjud. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 15 foizga yuqori ekani ma’lum qilindi.
Kredit oluvchilar soni aholiga nisbatan ham ortib bormoqda
Markaziy bank moliyaviy barqarorlik sharhida qayd etilishicha, har 1 000 nafar mehnatga layoqatli doimiy aholiga to‘g‘ri keladigan kredit oluvchilar soni 29 kishiga oshgan va 2025 yil 1-iyul holatida 238 kishini tashkil etgan.
Markaziy bankka ko‘ra, kredit oluvchilar ulushining o‘sishida bank xizmatlari qamrovining kengayishi, aholi rasmiy daromadlarining ortishi, kredit mahsulotlariga talabning saqlanib qolayotgani bilan bog‘liq.
Ma’lumotga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida o‘rtacha hisoblangan nominal ish haqi 6,0 mln so‘mni tashkil etgan va yillik o‘sish sur’ati 17 foizga yetgan.
Bir necha qarz majburiyatiga ega bo‘lganlar ulushi ko‘paygan
2025 yilning birinchi yarmida bank kreditidan foydalangan fuqarolarning 47 foizida bir vaqtning o‘zida bank va bankdan tashqari sektorlar oldida birdan ortiq qarz majburiyatlari mavjud. Ushbu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 6 foiz bandga yuqori. Moliya institutlarining fikricha, bu — kredit mahsulotlariga talab oshib borayotganini, shu bilan birga qarz yuki dinamikasini doimiy monitoring qilish zarurligini ko‘rsatadi.





