
Harbiy xizmatga chaqiruv elektronlashtirildi
31.05.2025 | 14:3048982
Endi O‘zbekistonda harbiy chaqiruvlar elektron tarzda amalga oshiriladi. Bu tizim davlat idoralari o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirishga qaratilgan.

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i Temur Narziyev ma’lum qilishicha, fuqarolarni chaqirish va xabardor qilish jarayoni endilikda my.gov.uz portali orqali yuritiladi. Xizmatdan foydalanish uchun fuqaro mazkur platformada ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi lozim. Chaqiruv haqidagi ma’lumot mobil ilovadagi “Xabarnomalar” bo‘limida aks etadi.
Chaqiruv olgan shaxslar belgilangan vaqtda tuman yoki shahar mudofaa bo‘limlariga borishlari shart. Ular tug‘ilganlik guvohnomasi, shaxsiy pasport va harbiy hisob hujjatlarini taqdim etishlari lozim.
Ayni paytda, mazkur tizim test rejimida ishlayotgani sababli, an’anaviy qog‘ozli chaqiruv tartibi ham amal qilishda davom etadi.
Shuningdek, harbiy xizmatga kontrakt asosida kirmoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun ham arizalarni onlayn tarzda topshirish imkoni yaratilgan. Bu choralar xizmat jarayonini soddalashtirish va zamonaviylashtirishga qaratilgan.





