
Harvard Yevropadan chet ellik talabalarni vaqtincha qabul qilishni so‘radi
10.06.2025 | 08:4547793
Donald Tramp ma’muriyatining viza siyosati tufayli Harvard universiteti Yevropadagi oliygohlarga murojaat qilib, chet ellik talabalarni vaqtincha qabul qilishni so‘radi. Prezident Alan Garberning ta’kidlashicha, AQSH vizasi bilan bog‘liq cheklovlar sabab 6 mingdan ortiq talabaning tahsili xavf ostida qolmoqda.

Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Harvard hozirda London biznes maktabi va boshqa Buyuk Britaniya universitetlari bilan muzokara olib bormoqda. Maqsad — viza ololmayotgan talabalar uchun o‘qishni davom ettirish imkonini yaratish. Chikago universiteti kabi ayrim oliygohlar Trampning taqiqlaridan mustasno bo‘lib qolgan va hanuzgacha chet ellik talabalarni qabul qilmoqda.
Harvardning tashabbusiga Nyu York universiteti, Nortvestern va Minnesotadagi Makalister kolleji ham qo‘shilgan. Ayniqsa, AQSHda qolish imkoni bo‘lmagan talabalarga yordam sifatida Makalister mablag‘ yig‘ish kampaniyasini boshlagan.
AQSH Davlat departamenti may oyida barcha yangi talabalik vizalarini ko‘rib chiqishni to‘xtatdi va biografik ma’lumotlarni, shu jumladan, ijtimoiy tarmoq faoliyatini tekshirishni kuchaytirdi. Ayrim talabalarga viza rad etilgan, ayrimlar esa Falastinni qo‘llab-quvvatlash namoyishlarida qatnashganlikda gumon qilingan.
O‘tgan hafta Harvard AQSH hukumatiga qarshi da’vo arizasi kiritdi. Universitet fikricha, taqiq akademik erkinlikka putur yetkazmoqda. Yevropa Ittifoqi esa may oxirida bo‘lib o‘tgan fan va ta’lim bo‘yicha kengash yig‘ilishida mazkur talabalarni qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Biroq, oliygohni o‘zgartirgan talabalarga to‘langan kontrakt mablag‘lari qanday qaytarilishi masalasi hali ochiq qolmoqda.





