
Havoni zaharlayotgan IES, kitob o‘qigan mahkumga imtiyoz va gazsiz qolgan vodiydagi gaz zapravkalar — 4 sentyabr dayjesti
04.09.2025 | 22:0013349
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Aloqa operatorlarining abonentlar mablag‘ini roziligisiz yechishi Senatda muhokama qilindi
Senat yalpi majlisida Qutbiddin Burxonov mobil aloqa operatorlari orqali abonentlar roziligisiz pullik SMS va xizmatlarga ulanish holatlari ko‘payganini ma’lum qildi. Hisobdan mablag‘ so‘ralmasdan yechilayotgani iste’molchi huquqlarini buzib, millionlab odamlarning moliyaviy zarariga olib kelmoqda. 2025 yil 1 yanvar holatiga abonentlar soni 36 milliondan oshgan, 100 dan ortiq kontent provayder turli xizmatlarni taqdim etmoqda. Ular operatorlar bilan shartnoma asosida ishlab, amalda abonent roziligisiz mablag‘ni hisobdan yechib oladi.
Tekshiruvlar ko‘rsatdiki, kontent xizmatiga ulanish oson, ammo uni bekor qilish murakkab. Provayderlar faoliyatini tartibga soluvchi alohida normativ-huquqiy hujjat yo‘q. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 2024 yilda 1199 murojaatni ko‘rib chiqib, 683,2 million so‘mni iste’molchilar foydasiga qayta hisoblab bergan. Senatorlar huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va hukumat darajasida yechim topish zarurligini ta’kidladi.
«Yangi Angren» IES havoga zararli moddalar chiqarayotganligi aniqlandi
Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi «Yangi Angren» IES atmosfera havosiga me’yordan ortiq ifloslantiruvchi moddalar chiqarayotgani aniqlandi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi ma’lumoticha, stansiya chang-gaz tozalash uskunalari zararli moddalarni to‘liq tozalay olmayapti. Holat ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlardan so‘ng tekshiruv orqali aniqlangan.
Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun Vazirlar Mahkamasi qarori asosida kompensatsiya hisob-kitob qilingan va korxonaga ko‘rsatmalar berilgan. Bu holat ilgarilari ham kuzatilgan: 2024 yil fevralida filtrlar samaradorligi pasayib, havoga me’yordan ortiq moddalar chiqqani uchun stansiya 1 mlrd 3 mln so‘m to‘lashga majbur bo‘lgan. Havoga chiqindilarni kamaytirish va aholi turmushiga ta’sirni minimallashtirish uchun yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.
Mahkumlar har bir o‘qilgan kitob uchun 3 kunlik imtiyoz oladi
O‘zbekiston Senati «Qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni ma’qullab, jazo o‘tayotgan mahkumlarga kitob o‘qish orqali muddatdan erta ozod bo‘lish imkonini berdi. Yangi qonunga ko‘ra, har bir kitob uchun jazo 3 kunga qisqaradi, bir yilda eng ko‘pi bilan 30 kunlik imtiyoz berilishi mumkin. Bu norma 13,5 ming mahkumga tegishli va umrbod ozodlikdan mahrum qilinganlardan tashqari, shartli ravishda muddatidan oldin ozod etilishi mumkin bo‘lgan shaxslarga tatbiq etiladi.
Qonun shuningdek «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi va ma’muriy javobgarlikka oid qonunlarga ham o‘zgartish kiritdi. Ma’muriy huquqbuzarlik turlari xavf darajasi va jinoyat sodir etish ehtimoliga qarab profilaktik hisobga olinsa, transport vositalarini mast holda boshqarish yoki yo‘l bezoriligi qilgan shaxslar alohida kategoriyada belgilanadi.
Vodiydagi gaz zapravkalarga ikki kun gaz berilmaydi
Farg‘ona vodiysida 5–6 sentyabr kunlari Ohangaron–Pung‘on magistral gaz quvurini tarmoqqa ulash ishlari tufayli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari va yirik iste’molchilarga gaz ta’minoti vaqtincha cheklanadi. Yangi 22 kilometrlik qo‘shimcha quvur qurilishi vodiyda aholi va ishlab chiqarish ob’ektlarining gaz ta’minotini barqaror qilishga qaratilgan.
Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, 5 sentyabr soat 12:00dan 36 soat davomida gaz uzatish vaqtincha to‘xtatiladi. Mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, bunday vaqtda benzin sotuvi hajmi oshirilishi ko‘zda tutilgan va vazirlik aholidan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, zarur choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
DXX va Qurolli Kuchlar akademiyasiga ishga kirish 30 ming dollarmi? «Quloqqa lag‘mon ilgan»lar ushlandi
Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida ikki shaxs o‘zini davlat organi xodimi sifatida tanishtirib, fuqarolarni ishga joylashtirishni va’da qilgan holda katta miqdorda pul olgan. Qashqadaryodagi 37 yoshli fuqaro 28 yoshli mahalliy aholidan jami 30 ming AQSH dollari va 510 mln so‘m, shuningdek, qarindoshini Qurolli Kuchlar akademiyasiga kiritish uchun 4 ming dollar olgan vaqtda ushlangan.
Samarqanddagi 64 yoshli shaxs ham ishonchiga kirib, fuqaroni davlat xavfsizlik organlariga ishga kiritish evaziga 7 ming dollar olgan vaqtda ushlangan. Har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksi moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.





