
Hech kim qarz bermagan O‘zbekiston, bekor qilingan bojlar va ishlamay qolgan IQAir datchiklari — 3-dekabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Maktab va bog‘chalar qurilishi moliyasi mahalliy byudjetlar zimmasiga o‘tadi
O‘zbekistonda 2026 yildan boshlab maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim hamda ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek akademik litseylarni saqlash va ularning infratuzilmasini modernizatsiya qilish moliyalashtirilishi tubdan o‘zgaradi. Mazkur xarajatlar endi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri byudjetlari hisobidan amalga oshiriladi. Bu orqali hududlarga ta’lim ob’ektlarini ehtiyojdan kelib chiqib rejalashtirish, qurish va ta’mirlash bo‘yicha kengroq vakolat berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Yangi tartibga muvofiq, maktab va bog‘chalarni loyihalashtirish, qurish yoki rekonstruksiya qilish, shuningdek ularni kapital ta’mirlash uchun mablag‘ ajratishda mahalliy byudjetlarning roli asosiy darajaga chiqadi. Bu esa hududlardagi demografik o‘sish, talab va mavjud infratuzilma holatini hisobga olgan holda aniqroq qaror qabul qilish imkonini yaratadi.
Respublika byudjeti esa hududlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi. 2026 yilda Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri byudjetlariga jami 19,7 trln so‘m tartibga soluvchi byudjetlararo transfert ajratilishi rejalashtirilgan. Shuning 3,6 trln so‘mi aksiz solig‘i tushumlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mexanizm mahalliy byudjetlar barqarorligini ta’minlash va ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini uzluksiz moliyalashtirishga xizmat qiladi.
Jamshid Qo‘chqorov: «Ko‘p yillar byudjetni profitsit bilan bajarganmiz, bu yaxshi emas»
Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2023 yilda budjet taqchilligi ko‘rsatkichi YAIMga nisbatan 5 foizni tashkil etgani, 2026 yilda esa 59 trln so‘mlik taqchillik 3 foiz darajada bo‘lishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, nominal o‘sish real vaziyatni aks ettirmaydi, muhim mezon — YAIMga nisbatdagi ulushdir.
Vazirning aytishicha, avvalgi yillarda byudjetning profitsit bilan bajarilishi islohotlar yetishmasligi tufayli mamlakat tashqi qarz olish imkoniyatiga ega emasligi bilan bog‘liq bo‘lgan.
«Biz ko‘p yillar byudjetni profitsit bilan bajarganmiz. U zo‘rmidi? Sohada uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan odam sifatida «yo‘q», deb javob berishga majburman. Chunki o‘sha paytlar budjet profitsit bilan bajarilganining sababi shuki, o‘sha budjet taqchilligini moliyalashtirishga bizga hech kim kredit bermagan».
Qo‘chqorovga ko‘ra, katta taqchillik yuki mamlakat uchun xavfli, bu borada Xalqaro valuta jamg‘armasi ham 3 foiz darajani eng maqbul chegara sifatida belgilagan. Bu ko‘rsatkich davlat qarzi ortishini mo‘tadillashtirib, defolt yoki bankrotlik kabi xavflarga yo‘l qo‘ymaydi. Shuningdek, mazkur darajadagi taqchillik iqtisodiyotni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston yetti davlatdan import bojlarini bekor qiladi
O‘zbekiston yetti davlatdan qurilish xomashyosi importiga bojlarni bekor qiladi. Prezident Mirziyoyev tasdiqlagan qarorga ko‘ra, Saudiya Arabistoni, Qatar, Mo‘g‘uliston va Marokash, Jazoir, Tunis, Misrdan olib kelinadigan sement qo‘shimchalari, armatura va mineral xomashyo 2027 yilgacha bosqichma-bosqich bojsiz kiritiladi. Mineral xomashyo va asosiy komponentlar importi esa 2028 yil boshigacha to‘liq bojsiz bo‘ladi.
Hukumat qurilish materiallari sanoatini 62 trln so‘mlik quvvatgacha oshirish, eksportni 1,5 mlrd dollarga yetkazish va ekologik, energiya tejamkor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishni rejalashtirgan. 3,5 mlrd dollarlik yangi loyihalar tayyorlanmoqda, ularning parametrlari bir oyda belgilanadi. Shuningdek, «Termiz» chegara punktida xavfsizlik choralari kuchaytiriladi va qora metall eksporti uchun talablar yengillashtiriladi.
Farg‘onada havo sifati ko‘rsatkichlarini onlayn namoyish qilib turuvchi IQAir datchiklari ishlamay qoldi
Farg‘onada IQAir havo sifati datchiklari qisqa vaqt ishlamay qoldi. 2-dekabr kuni onlayn ko‘rsatkichlar vaqti-vaqti bilan yangilanmay, ijtimoiy tarmoqlarda turli taxminlar paydo bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar bunni havo ifloslanishi keskin oshgani bilan bog‘ladi.
Gidrometeorologiya xizmati rahbari Sherzod Habibullayev Vaqt.uz’ga holat O‘zbekiston tomonga bog‘liq emasligini, muammo IQAir platformasidagi texnik o‘zgarishlar — sun’iy intellekt joriy etilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bildirdi. «Biz xususiy o‘rnatilgan datchiklarni nazorat qilolmaymiz, o‘z stansiyalarimiz esa ishlab turibdi», dedi u.
Farg‘onada havo ifloslanishi oxirgi kunlarda rekord darajada yuqori bo‘lib, 1093 ko‘rsatkichgacha chiqqan.
Fermerlar 2026 yildan ijaraga olgan yerida qanday ekin ekishni o‘zlari tanlaydi
Fermerlar ekiladigan ekin turini mustaqil belgilaydi, auksionda sotilmayotgan yerlar boshlang‘ich narxi 10 foizga pasaytiladi, qishloq xo‘jaligiga katta imtiyozlar joriy etilmoqda. Jizzaxdagi bo‘lib o‘tgan sessiyada Prezident Shavkat Mirziyoyev paxta-g‘alla sxemalaridagi cheklovlar bekor qilinib, fermerlarga yerda qanday ekin ekishni mustaqil tanlash huquqi berilishini ma’lum qildi. Davlat rahbarining qayd etishicha, 10 ming gektar yer bir yildan beri auksionda sotilmayotgani amaldagi talablar fermerlarni qiziqtirmayotganini ko‘rsatdi.
2026 yildan boshlab bu tizim tubdan o‘zgaradi. Yangi tartibga ko‘ra, auksionga qayta qo‘yilgan yerlarning boshlang‘ich narxi 10 foizga pasaytiriladi. Yer ijarasida tushgan mablag‘lar esa to‘liq infratuzilma — suv, elektr, yo‘l va sanoat bog‘lariga kommunikatsiya tortirish uchun yo‘naltiriladi. Bu qishloq xo‘jaligi samaradorligini sezilarli oshirishi kutilmoqda.





