
Hindiston neft kompaniyalari Rossiya neftidan voz kecha boshladi
Hindistonning yirik neft qayta ishlovchilari aprel oyi uchun Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatib, AQSH bilan savdo kelishuviga yo‘l ochmoqda.

Hindistonning eng yirik neft qayta ishlovchi kompaniyalari — davlatga qarashli «Indian Oil», «Bharat Petroleum» hamda xususiy «Reliance Industries» mart va aprel oylarida yetkazib berish uchun Rossiya neftini xarid qilish bo‘yicha yangi takliflarni qabul qilishni to‘xtatdi. Bu haqda tarmoqdagi manbalarga tayanib «Reuters» xabar bermoqda.
Manbalarga ko‘ra, kompaniyalar ushbu qarorga AQSH va Hindiston o‘rtasidagi savdo kelishuviga ko‘maklashish maqsadida kelgan. Shu bilan birga, mart oyiga mo‘ljallangan ayrim yetkazib berishlar avvalroq shartnomalashtirilgan va bekor qilinmagan.
«Reuters» suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, boshqa ko‘plab neftni qayta ishlovchilar ham Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatgan. Ularning fikricha, bunday yetkazib berishlar faqat hukumat tavsiyasi bilan qayta tiklanishi mumkin.
Hukumat signali
Nashr manbalarining ma’lum qilishicha, Rossiya neftini xarid qilish uchun maxsus ruxsat olishi mumkin bo‘lgan yagona kompaniya — Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan «Nayara Energy» hisoblanadi. Ushbu kompaniyada «Rosneft» ulushga ega. Biroq «Nayara Energy»ning quvvati kuniga 400 ming barrel neftni qayta ishlashi mumkin zavodi aprel oyida rejali texnik xizmat sabab bir oyga to‘xtatiladi.
7-fevraldan AQSH prezidenti Donald Tramp Hindiston tovarlariga joriy etilgan 25 foizlik bojlarni bekor qildi. Uning aytishicha, Nyu Dehli Rossiyadan neft importini «to‘liq yoki bilvosita» to‘xtatish majburiyatini olgan. Hindiston rasmiylari bu haqda ochiq bayonot bermagan.
Shu bilan birga, Tramp agar Rossiya nefti yetkazib berish qayta tiklansa, bojlar yana joriy etilishi mumkinligini ogohlantirgan.
Bozor qayta taqsimlanmoqda
AQSH va Hindiston o‘rtasida imzolangan ramkaviy savdo kelishuviga ko‘ra, Nyu Dehli kelgusi besh yil ichida AQSHdan 500 mlrd dollarlik energetika mahsulotlari, samolyotlar, texnologiyalar va xomashyo sotib oladi.
2022 yilda Ukrainadagi urush boshlanganidan so‘ng Hindiston Rossiya neftining eng yirik xaridoriga aylangan edi. 2025 yil o‘rtalariga kelib yetkazib berish hajmi kuniga 2 mln barrelga yetgan, keyin esa AQSH va Yevroittifoq bosimi ostida pasayish boshlangan.
«Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil bahorida Hindiston Rossiya nefti importni 500–600 ming barrelgacha qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu orqada mamlakat Yaqin Sharq, Afrika va Janubiy Amerikadan neft xaridini oshirmoqda.





