
Hindiston Pokiston bilan aloqalarni tiklash niyatida emas
20.05.2025 | 16:302613
Hindiston hukumati yaqin vaqt ichida Pokiston bilan normal diplomatik aloqalarni tiklash imkonini ko‘rmayapti. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vikram Misri parlament yig‘ilishida ma’lum qildi.

Hindiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vikram Misri parlamentning Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida Pokiston bilan yaqin kelajakda yarashuv ehtimoli juda past ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik davom etmoqda va hozircha munosabatlarni normallashtirish uchun asos yo‘q.
7 mayda boshlangan Hindistonning «Sindur» nomli harbiy amaliyoti chog‘ida har ikki tomon faqat oddiy qurollardan foydalangan. Pokiston yadro tahdidi bilan chiqmagan, deb ta’kidladi rasmiylar.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarida AQSH prezidenti Donald Tramp yadro tahdidlari tufayli mojaroga aralashgani haqidagi ma’lumotlar asossiz ekanini qayd etishdi. Voqealar fonida AQSH, Xitoy, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar mojaroni bas qilishga chaqiruv bilan chiqqan.
Pokiston mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistonning 6 maydan boshlangan hujumlari oqibatida yuzlab tinch fuqarolar jabrlangan. 13 maydagi to‘qnashuvda Pokiston armiyasi yo‘qotishlarga uchradi.
Kashmirdagi terakt, Hind daryosi bo‘yicha suv kelishuvining to‘xtatilishi, chegara punktlarining yopilishi, viza blokadasi va harbiy to‘qnashuvlar — barcha munosabatlarning uzoq muddatli sovuqlashuvidan dalolat beradi.
10 may kuni Pokiston «Banyan-ul-Marsus» harbiy operatsiyasini boshladi. Bir necha harbiy ob’ektlarga zarbalar berildi, jumladan Udxampur va Patxankot aviabazalari ham nishonga olindi.
Harbiy tanglik avj olgan paytda AQSH aralashuvi bilan tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. 10 may kuni mahalliy vaqt bilan 17:00 da otishmalar rasman to‘xtatildi.





