
Hindistonda til siyosati yuzasidan noroziliklar avj oldi
11.07.2025 | 14:0034333
Hindistonning eng yirik va boy hududlaridan biri — Maxarashtrada til masalasi atrofida yuzaga kelgan mojaro mamlakatda keng jamoaviy noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.
Mojaro joriy yil aprel oyida Maxarashtra hukumati tomonidan qabul qilingan qarordan so‘ng boshlangan. Unga ko‘ra, davlat boshlang‘ich maktablarida ingliz va mahalliy maratxi tilidan tashqari, hind tilini ham majburiy tarzda o‘qitish nazarda tutilgan. Hukumat ushbu qarorni 1968 yilda joriy etilgan va hozirda yangilanib kelayotgan Milliy ta’lim siyosatiga asoslangan holda qabul qilganini ma’lum qilgan.
Biroq bu qaror fuqarolik jamiyati tashkilotlari, til faollari hamda muxolifat yetakchilari tomonidan qattiq tanqid qilindi. Ular hind tili asosan mamlakatning shimoliy va markaziy hududlarida ishlatilishini, Maxarashtra kabi janubiy shtatlarda esa keng tarqalmaganini ta’kidlashmoqda.
Hindistonda til masalasi o‘ta nozik mavzulardan biri sanaladi. Ayniqsa, mustaqillikdan so‘ng hududlarning ko‘pchiligi lingvistik asosda shakllangani sababli, mahalliy til mintaqaviy g‘urur va shaxsiylik ramzi sifatida qabul qilinadi. Shu bois har qanday o‘zgarish jamoatchilik tomonidan tahdid sifatida qabul qilinadi.
Bu kabi noroziliklar ilgari ham kuzatilgan. Masalan, o‘tgan yili Bengaluru shahrida mahalliy kannada tilida yozilmagan bannerlar uchun namoyishlar bo‘lib o‘tgan edi.





