
Hindistonda xususiy vertolyot quladi, 7 kishi halok bo‘ldi
16.06.2025 | 13:2210842
Hindistonning Uttarakxand shtatida yuz bergan vertolyot halokati oqibatida 7 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Fojia yakshanba kuni ertalab, Kedarnathdan Guptkarshga uchayotgan Aryan Airlines xususiy shirkatiga tegishli vertolyot parvozi chog‘ida sodir bo‘ldi.

Times of India nashri yozishicha, halokatga ehtimolan noqulay ob-havo sabab bo‘lgan. Ayni paytda voqea joyida qutqaruv xizmatlari va politsiya harakat qilmoqda. Hodisa yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.
Shtat bosh vaziri Pushkar Singh Dxami halok bo‘lganlar yaqinlariga hamdardlik bildirib, mahalliy hokimiyat va qutqaruv guruhlari qidiruv va yordam ishlarida faol ishtirok etayotganini ma’lum qildi.
Ushbu halokat so‘nggi haftalarda ushbu mintaqada qayd etilgan birinchi aviafojea emas. Aviatsiya xavfsizligi yuzasidan savollar yana kun tartibiga chiqdi. Mutasaddi idoralar samolyot va vertolyotlarning texnik holati hamda parvoz shartlarini yanada qat’iy nazorat qilishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, 12 iyun kuni Hindistonning Ahmadobod shahrida Air India aviakompaniyasiga tegishli, bortida 242 kishi bo‘lgan yo‘lovchi samolyoti tibbiyot kolleji binosiga qulagan edi. Unda faqat bitta kishi tirik qolgan. Aviakompaniya qurbonlar oilasiga 10 million rupiy (taqriban 117 ming dollar) to‘lov va jarohatlanganlarga yordam va’da qilgan.





