add

HUMO to‘qqiz oyda 224 mlrd so‘m, UZCARD esa 930 mlrd so‘m sof foyda oldi

30.10.2025 | 15:453802

2025 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistondagi yetakchi to‘lov tizimlari foyda ko‘rsatkichlarini keskin oshirdi: UZCARD'ning sof foydasi 40 foizga, HUMO'niki esa 88 foizga o‘sgan.

HUMO to‘qqiz oyda 224 mlrd so‘m, UZCARD esa 930 mlrd so‘m sof foyda oldi

O‘zbekistondagi yetakchi to‘lov tizimlari — UZCARD va HUMO — 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida moliyaviy natijalarini oshirdi.

«Milliy banklararo protsessing markazi» AJ (HUMO) 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida 223,9 milliard so‘m sof foyda qayd etdi. Kompaniyaning moliyaviy hisoboti Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan bo‘lib, foyda miqdori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 87,7 foizga yuqori.

Hisobotga ko‘ra, HUMO to‘lov tizimining umumiy daromadlari 380,9 milliard so‘mni tashkil etgan, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 71,4 foiz ko‘proqdir. Shu bilan birga, kompaniya xarajatlari ham 138 foizga oshib, 61,4 milliard so‘mga yetgan.

Aktivlar hajmi 434,8 milliard so‘mdan 676 milliard so‘mgacha o‘sgan. Ustav kapitalida esa o‘zgarish kuzatilmagan — u 155,4 milliard so‘m darajasida qolgan.

Foydaning sezilarli oshishiga qaramasdan, HUMO o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,6 milliard so‘mga kamroq daromad solig‘i to‘lagan — jami 14,4 milliard so‘m. Bu holat kompaniyaning 2025 yil 30 aprel kuni IT Park rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tishi va soliq imtiyozlariga ega bo‘la boshlashi bilan izohlanmoqda.

«Yagona umumrespublika protsessing markazi» AJ (UZCARD)ning umumiy sof foydasi esa 929,9 milliard so‘mni tashkil etdi, bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40,7 foiz ko‘proqdir.

UZCARD’ning asosiy faoliyatidan olingan daromadi 1,52 trillion so‘mga yetgan. Shu bilan birga, kompaniya aktivlari miqdori 1,03 trillion so‘mni tashkil etgan, shundan 738,8 milliard so‘mi taqsimlanmagan foyda sifatida qayd etilgan. Kapital hajmi qariyb 800 milliard so‘mga teng bo‘lib, asosiy vositalar 266 milliard so‘mni tashkil qiladi.

Hisobot davrida debitor qarzdorlik 257 milliard so‘mga yetgan. Xodimlarga bo‘lgan umumiy xarajatlar 155,5 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lib, shundan 101 milliard so‘mi oylik ish haqi, 46,8 milliard so‘mi mukofotlar uchun to‘langan. Kompaniyada 657 nafar xodim faoliyat yuritgani hisobga olinganda, bir nafar xodimga to‘g‘ri kelgan o‘rtacha to‘lov 225 million so‘mga yaqin bo‘lgan.

Boshqaruv a’zolari — bosh direktor va uning o‘rinbosarlari hamda kuzatuv kengashi a’zolari uchun jami 21 milliard so‘m mukofot to‘langan. Shuningdek, ijrochi organ vazifalarini bajaruvchi «UCMG» MCHJ 9 oy uchun 42,1 milliard so‘m haq olgan.

Kompaniya IT Park rezidenti sifatida qator soliq imtiyozlariga ega bo‘lib, foyda solig‘i sifatida 4,4 milliard so‘m to‘lagan. Shu bilan birga, UZCARD IT Park uchun 27 milliard so‘mlik to‘lovlarni amalga oshirgan. Hisobotda qayd etilishicha, kompaniya ayrim aloqador tomonlarga bozor narxidan past foizda kredit bergan va natijada 13,4 milliard so‘m zararni tan olgan.

UZCARD’ning foyda ko‘rsatkichi HUMO’nikidan to‘rt barobar yuqori bo‘ldi — HUMO 9 oyda 224 milliard so‘m sof foyda qayd etgan edi. Bu raqobat muhitida ikki to‘lov tizimi faoliyatidagi dinamik o‘sishni namoyon etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid