
IIV xodimlariga qurilayotgan uylarning 30 foizi faqat profilaktika inspektorlariga beriladi
Ichki ishlar tizimida kadrlar barqarorligini ta’minlash uchun uy-joy, ijara to‘lovi va ish staji bo‘yicha yangi imtiyozlar joriy etilmoqda.
© Фото: t.me/Press_Secretary_Uz Prezident Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar tizimida kadrlar qo‘nimsizligiga barham berish, malakali va fidoyi xodimlarni rag‘batlantirish doimiy e’tiborda bo‘lishini ta’kidladi. Davlat rahbari sohada asosiy yukni ko‘tarib kelayotgan quyi bo‘g‘in xodimlarining ijtimoiy va moddiy muammolari yetarlicha ko‘tarib chiqilmayotganini qayd etdi.
Prezident muammolarni ochiqladi
Ma’lum qilinishicha, Ichki ishlar vazirligi tomonidan asosan qurilish va texnika uchun mablag‘ so‘ralgan, ammo quyi bo‘g‘indagi xodimlar, ayniqsa profilaktika inspektorlarining muammolari yetarli darajada inobatga olinmagan. Yuzdan ortiq profilaktika inspektorlari bilan o‘tkazilgan suhbatlarda ularning ijtimoiy himoya, maosh va uy-joy bilan bog‘liq masalalari to‘planib qolgani aniqlangan.
Profilaktika inspektorlariga imtiyozlar
Shu munosabat bilan profilaktika inspektorlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyatdagi nufuzini oshirishga qaratilgan qator yangiliklar e’lon qilindi. Jumladan, joriy yil 1-iyuldan boshlab poytaxtda faoliyat yuritayotgan profilaktika xodimlariga aynan shu sohadagi ko‘p yillik ish staji uchun 5 million so‘mgacha oylik ustama joriy etiladi.
Staj va ijara to‘lovlarida yengilliklar
1-fevraldan boshlab yuridik oliygohni tugatib, ichki ishlar tizimiga ishga kirgan xodimlar uchun oliygohda o‘qilgan davr ham ish stajiga qo‘shiladi. Shuningdek, viloyatlardan kelib, poytaxt ichki ishlar idoralarida xizmat qilayotgan xodimlar uchun uy ijarasiga beriladigan oylik to‘lov 1,8 million so‘mdan 3,1 million so‘mga oshiriladi.
Uy-joy imtiyozlari
Eng muhim yangiliklardan biri sifatida, 1-fevraldan boshlab ichki ishlar xodimlari uchun qurilayotgan uy-joylarning 30 foizi faqat profilaktika inspektorlariga ajratiladi. Bu qaror quyi bo‘g‘in xodimlarining turmush sharoitini yaxshilash va tizimda ularning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan.





