
«Ijtimoiy ish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Parlament quyi palatasida birinchi o‘qishda ma’qullandi
24.06.2025 | 15:2531813
O‘zbekistonda ehtiyojmand aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash tizimini huquqiy asosda mustahkamlash maqsadida «Ijtimoiy ish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida muhokama qilingan mazkur qonun loyihasi orqali mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy himoya islohotlarini qonun darajasida tartibga solish ko‘zda tutilmoqda. So‘nggi yillarda aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlami uchun raqamlashtirilgan, shaffof va adolatli mexanizmlar asosida xizmat ko‘rsatish amaliyoti joriy etilgan.
Shu bilan birga, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi shakllantirilgan bo‘lsa-da, ijtimoiy ish bilan bog‘liq munosabatlarni alohida qonun bilan tartibga solish zarurati vujudga kelgani ta’kidlandi. Qonun loyihasida ijtimoiy ish sohasida davlat siyosati asoslari, ijtimoiy ish tashkil etiladigan sohalar, idoralararo hamkorlik mexanizmlari, ijtimoiy xodimning maqomi va majburiyatlari belgilanmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy yordamga muhtoj oila yoki shaxsni aniqlash va ularni tegishli maqomda tan olish mezonlari, ijtimoiy xizmatlardan foydalanuvchilarning huquq va burchlari ham qonunda aks etmoqda. Ijtimoiy xizmat turlari, xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish shartlari va standartlari ham loyihaning muhim jihatlaridan biri sifatida qayd etildi.
Majlisda deputatlar qonunning ahamiyatini alohida ta’kidlab, ayrim normalar yuzasidan aniqlik kiritish maqsadida savollar yo‘lladilar. Qonun matnini yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Muhokamalar yakunlangach, loyiha deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.





