add

Ikki xitoylik AQSH harbiylari orasida josus yollashda ayblanmoqda

02.07.2025 | 13:0039264

AQSH Adliya vazirligi ikki xitoy fuqarosini mamlakat harbiylari orasida josus yollash va harbiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga urinishda aybladi. FBR ularni Xitoy Davlat xavfsizlik vazirligi uchun ishlaganlikda gumon qilmoqda.

Ikki xitoylik AQSH harbiylari orasida josus yollashda ayblanmoqda
AQSH Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, xitoylik Yuanse Chen (38 yosh) va Liren «Rayan» Lay (39 yosh) Xitoyning Davlat xavfsizlik vazirligi (MSS) nomidan Amerika harbiylaridan josuslik ma’lumotlarini yig‘ish va ular orasida yangi agentlar yollashga uringan. FBR bayonotida ta’kidlanishicha, Lay MSS tarmog‘i orqali Xitoy va AQSH o‘rtasida oson harakatlana oladigan shaxs bo‘lgan. U 2021 yildan boshlab Chenni o‘z tarmog‘iga jalb qilishga harakat qilgan. Chen AQSHda doimiy yashash huquqiga ega bo‘lib, Amerika harbiylari orasida tanishlari borligi aniqlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Lay Chenni xorijga safar uyushtirib, u yerda o‘z aloqalari haqida shaxsan gaplashishga undagan. 2022 yilda ular Kaliforniyada 10 ming dollar naqd pulni boshqa shaxslarga josuslik ma’lumotlari uchun to‘lov sifatida topshirgan. Chen keyinchalik AQSH dengiz kuchlari haqida ma’lumot to‘plab, Layga yetkazgan. U nafaqat harbiy bazalar to‘g‘risida ma’lumot bergan, balki shaxsan harbiy xizmatchilar bilan uchrashgan. San-Diyegodagi uchrashuvda Chen harbiy bilan birga AQSHning «USS Abraham Lincoln» samolyot tashuvchi kemasini ko‘zdan kechirgan. FBR bunday harakatlarni Xitoyning harbiy kuchlarini uzoq masofada ham kuchaytirish urinishlarining bir qismi sifatida baholadi. Tergov hujjatlarida Xitoy hukumati AQSH dengiz kuchlari haqida yashirin ma’lumot to‘plash orqali Janubiy Xitoy dengizi mintaqasida ustunlikka erishishga intilyayotgani qayd etilgan. Ikki gumonlanuvchi xorijiy agentlar ro‘yxatidan o‘tmasdan ish olib borganlikda ayblanmoqda. Bu AQSHda xorijiy davlatlar manfaatida ishlayotgan shaxslar majburiy ro‘yxatdan o‘tishi lozim bo‘lgan qonunbuzarlik hisoblanadi. AQSH rasmiylarining ta’kidlashicha, mamlakatda Xitoy josuslik faoliyatiga qarshi kurash keng ko‘lamda davom ettiriladi. Pekin esa bunday ayblovlarni rad etib, AQSHni nojoiz siyosat yuritishda ayblab keladi.

Teglar

Mavzuga oid