add

Ikki yoshli bolani og‘ziga choyshab tiqib, polga urib, qiynab o‘ldirgan tarbiyachiga hukm o‘qildi

Toshkentdagi xususiy bog‘chada vaxshiylik bilan jazolangan ikki yoshli bola shifoxonada vafot etdi. Tarbiyachi va uslubchi bolani tinimsiz kaltaklab, polga uloqtirgan, og‘ziga choyshab tiqqan va hatto bo‘g‘gan. Sud ularga jinoiy jazo tayinladi.

Ikki yoshli bolani og‘ziga choyshab tiqib, polga urib, qiynab o‘ldirgan tarbiyachiga hukm o‘qildi
Toshkent shahridagi «Jajji nihollar» nomli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida 2 yoshli bola tarbiyachi va uslubchi tomonidan 3 kun davomida kaltaklanib, og‘ziga choyshab tiqilib, polga uloqtirilishi oqibatida vafot etdi. Sud tarbiyachiga 6,5 yil, uslubchiga 3 yil jazo tayinladi. Vaqt.uz muxbiri sud tafsilotlari bilan tanishdi. Sud hujjatga ko‘ra, A.L. va G‘.V. o‘tgan yilning 9-11 dekabr kunlari oralig‘ida 2022 yilda tug‘ilgan Z.A. ni ovqatlanish va uxlashni xohlamagani uchun qiynab, tanasining turli qismlaridan urgan, kiyimlaridan tortib sudragan hamda yotgan holida tepgan, bir necha bor uloqtirib yuborgan. Olmazor tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 2024 yil 4 iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisda sudlanuvchilarning harakatlarini har tomonlama o‘rganib chiqdi. Sud ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilning 11 dekabr kuni A.L. doimgiday soat 8:00 larda ishga borib, o‘ziga biriktirilgan guruhga kelgan bolalarni ota-onasidan sog‘-salomat qabul qilib olgan. Ularga ertalabki nonushtasini berib, so‘ng mashg‘ulot o‘tkazgan. Tushlik vaqtida bolalarga ovqat bergan. Shundan so‘ng ularning uxlashi uchun krovatiga yotqizgan. O‘sha paytda Z.A. krovatga yotmasdan narigi xona eshigi oldida yig‘lab turgan. Bundan jahli chiqqan tarbiyachi uni oyog‘i bilan 3 marta tepgan. Birinchi marta tepganda Z.A. tanasi bilan devorga urilgan, so‘ng uni ko‘tarib kelib, krovatga uloqtirib yuborgan. O‘sha paytda uslubchi G‘.V. kirib kelgan. U yig‘lab yotgan Z.A.ni qo‘li bilan turtib ko‘rgan. Keyin esa ko‘tarib krovatiga otib yuborgan va «uxlamasang o‘ldiraman», deb tahdid qilib, xonadan chiqib ketgan. Oradan 2-3 daqiqa vaqt o‘tib, tarbiyachi bolaning o‘rnidan turib olganini ko‘rgan va uning oldiga borib, yuziga shapaloq tushirgan. Taxminan 10-15 daqiqadan so‘ng Z.A. yana yotgan joyidan boshini ko‘targan. Tarbiyachi unga yana uxlashini aytib, yuziga 2 marta urgan. U oradan yana 10-15 daqiqa o‘tib, bolaning baribir uxlamaganini ko‘rgan va «bo‘g‘ib qo‘yaman hozir», deb uni yana otib yuborgan. Bola bu orada uxlamay yig‘layvergan. Tarbiyachi esa uning ovozini o‘chirish maqsadida og‘ziga choyshab tiqqan va bir necha marta og‘zini qo‘li bilan yopib, bo‘g‘ib, yuziga urgan. Shunda ham bola tinchlanavermagach, tarbiyachi uni zarb bilan polga otib yuborgan. Bola esa ko‘zi ochiq holatda harakatsiz bo‘lib qolgan. A.L. uni hojatxonaga olib kirib, yuzini yuvgan, keyin esa joyiga yotqizib qo‘ygan. Bolaning harakatsiz yotganidan qo‘rqib ketgan tarbiyachi boshqa xodimalarni chaqirgan. Bolaga birinchi yordam ko‘rsatishga harakat qilingan, ammo u o‘ziga kelmagan. Shundan so‘ng tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelib, uni shifoxonaga olib ketgan. Z.A. ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 2024 yil 14 dekabr kuni shifoxonada vafot etgan. Sud jarayonida A.L. ham , G‘.V. ham qilgan ishlariga to‘liq iqror bo‘ldi. A.L. o‘z ko‘rsatmasida qilgan harakatlarini jahl ustidan amalga oshirganini aytdi va suddan yengillik so‘radi. Sud A.L.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lishi) bo‘yicha aybli deb topdi. Jinoyat kodeksining 57-moddasiga asosan, unga 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U jazoni umumiy rejimdagi koloniyada o‘taydi. G‘.B. esa 2022 yilda tug‘ilgan bolaga nisbatan qiynoq qo‘llaganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi «a,v» bandlari (yoshi kichik shaxsga nisbatan qiynash) bilan aybli deb topildi. Sud unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

Teglar

Mavzuga oid

Ikki yoshli bolani og‘ziga choyshab tiqib, polga urib, qiynab o‘ldirgan tarbiyachiga hukm o‘qildi | Vaqt.uz