add

Ilhom Aliyev Ozarboyjon SSR tuzilishini «okkupatsiya» deb atadi

28.08.2025 | 08:4029824

Ozarboyjon prezidenti 1920 yildagi voqealarni «bosqin va bo‘ysundirish» deb baholadi. Shuningdek, Zangezur yo‘lagi haqida ham gapirib o‘tdi.

Ilhom Aliyev Ozarboyjon SSR tuzilishini «okkupatsiya» deb atadi
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev 1920 yili Ozarboyjon SSR tashkil etilganini «Rossiya armiyasining bosqini va mamlakatning okkupatsiya qilinishi», deb atadi. Uning ta’kidlashicha, bu voqea Rossiya imperiyasi parchalanib, 1918–1920 yillardagi mustaqillik davridan so‘ng yuz bergan. Aliyevga ko‘ra, sovet hokimiyatining «Xalqlarga erkinlik!» shiori haqiqatga zid bo‘lgan. U 1920 yil aprelida Rossiya armiyasi Ozarboyjonga kirib kelganini va noyabrda Zangezur (hozirgi G‘arbiy Zangezur) Armanistonga berilganini ta’kidladi. «Shu orqali Ozarboyjon ikki qismga bo‘lingan: asosiy hudud va Naxichivon», — dedi prezident Al Arabiya telekanaliga bergan intervyusida. Prezidentning ta’kidlashicha, sovet davrida bu hududlar o‘rtasida aloqada muammo bo‘lmagan, lekin Armanistonning tajovuzkor siyosati so‘nggi yillarda kelishmovchiliklarni keltirib chiqargan. Aliyev Zangezur yo‘lagini kuch bilan qaytarib olish imkoni bo‘lganini, ammo 2020 yil 10 noyabrda urush to‘xtaganini eslatdi. Keyingi 5 yil davomida Armaniston bilan transport aloqalarini tiklash yuzasidan muzokaralar olib borilgan. Aliyevning aytishicha, muzokaralarda Armaniston hech qanday konstruktiv yondashuv namoyon etmagan. Shu bois Zangezur yo‘lagini kafolatli amalga oshirish uchun AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati jalb etilgan. «Tramp o‘z nomini Zangezur yo‘lagiga berganidan so‘ng, uning yaqin vaqtda amalga oshishiga ishonaman», — dedi Aliyev. Shuningdek, u Rossiya bilan munosabatlardagi murakkablik uchun mas’uliyat Ozarboyjon zimmasida emasligini ta’kidladi. «Biz faqat qonuniy va konstruktiv yondashuvdamiz. Lekin hech qanday tajovuz va hurmatsizlikni qabul qilmaymiz», — dedi u. Avvalroq, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan AQSH prezidenti Donald Tramp ishtirokida Oq uyda to‘liq otashkesim haqida deklaratsiya imzolagani haqida xabar bergan edik. Shu uchrashuvda Zangezur yo‘lagi TRIPP — «Tramp marshruti xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘lida» deb nomlanishi e’lon qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid