
Ilhom Aliyev: «O‘zbekiston va Ozarboyjon qardosh mamlakatlar, ishonchli ittifoqchilardir»
Toshkent shahrida bo‘lajak Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi oldidan Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan O‘zbekiston milliy axborot agentligi intervyu tashkil qildi.

— Hurmatli janob Prezident, yaqin kunlarda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida ishtirok etishingiz kutilyapti. Ushbu format haqida qanday fikrdasiz? Ozarboyjonning mintaqa davlatlari bilan aloqalari qay tusda rivojlanmoqda va hamkorlikning bugungi darajasi Sizni qoniqtiradimi?
— Avvalo, ta’kidlamoqchimanki, bu Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida faxriy mehmon sifatida uchinchi bor ishtirok etishim. Men qatnashgan birinchi shunday tadbir 2023 yil Dushanbeda, ikkinchisi 2024 yil Ostonada bo‘lib o‘tgan. Navbatdagi muloqotga Toshkent mezbonlik qiladi. Barcha hamkasblarim, ayniqsa O‘zbekiston Prezidenti, birodarim Shavkat Mirziyoyevga taklif hamda Ozarboyjonning ushbu muhim tadbirda ishtirokini qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Ozarboyjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari strategik ahamiyati tobora ortib borayotgan umumiy tarixiy-madaniy, geografik va geosiyosiy makonni barpo etmoqda. Bir qarashda Ozarboyjonni Markaziy Osiyo davlatlaridan ajratib turgan Kaspiy dengizi, aslida, davlatlarimizni jipslashtiruvchi muhim omil hisoblanadi. Bugun ushbu dengiz shunchaki geografik tushuncha emas, balki, strategik birlik, iqtisodiy salohiyat va xalqlarimizning tarixiy hamkorligi ramzidir.
Mamlakatlarimizni nafaqat geografik yaqinlik, balki tarixiy-madaniy aloqalar, mushtarak diniy va ma’naviy qadriyatlar, urf-odatlar birlashtirib turadi.
Ozarboyjon mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan hamkorlikni eng yuqori darajada har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi. Ikki tomonlama asosda o‘rnatilgan mazkur strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari, shuningdek faol siyosiy muloqotimiz, o‘zaro tashriflarimiz ushbu jarayon muvaffaqiyatli kechishida hal qiluvchi ahamiyatga ega, deb hisoblayman.
So‘nggi bir necha yil ichida davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari va muloqotlari dinamikasi munosabatlarimiz yuqori darajada ekanini yaqqol namoyon etmoqda. Xususan, oxirgi 3 yil ichida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Ozarboyjonga 30 ga yaqin tashrifni amalga oshirdi, men esa xuddi shu davrda qardosh mamlakatlarga 13-marta bordim.
O‘rta yo‘lakning ahamiyati ortib borayotgani sheriklik ko‘lamini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.
Ishonchim komilki, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, siyosiy, iqtisodiy, transport, investitsiya, energetika, madaniy-humanitar va raqamli transformatsiya sohalaridagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishda muhim bosqich bo‘ladi.
— Muhtaram Prezident, Ozarboyjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro tashriflar jadallashgani, faol siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilib, o‘zaro anglashuv yuksak darajaga ko‘tarilganini ta’kidladingiz. So‘nggi bir yarim yil ichida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonga 5-marta tashrif buyurdi. Qolaversa, yil davomida turli xalqaro maydonlarda ham bir necha bor uchrashdingizlar. Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan joriy yildagi ikki tomonlama aloqalar holatini qanday baholaysiz?
— O‘zbekiston — Ozarboyjon uchun qardosh mamlakat, ishonchli ittifoqchi. Bizni mushtarak ildizlar, ma’naviy qadriyatlar, til, etnik yaqinlik, boy tarixiy va madaniy meros birlashtirib turadi. Asrlar davomida qardosh xalqlarimiz o‘zaro iliq munosabatda bo‘lib, bir-birini chuqur hurmat qilgan. Bugun davlatlararo munosabatlarimiz ana shu mustahkam poydevor asosida muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgani quvonarli, albatta.
Hozirga kelib, Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar eng yuqori — ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan.
Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan o‘rtamizda shakllangan ishonchli va do‘stona shaxsiy munosabatlar ham ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi. O‘zbekiston yetakchisining davlatlararo munosabatlarimiz rivojiga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi, keng ko‘lamli hamkorlikni izchil mustahkamlash masalalariga qaratayotgan doimiy e’tiborini alohida ta’kidlamoqchiman.
Qardosh O‘zbekiston rahbari, atoqli davlat arbobi, Ozarboyjonning yaqin do‘sti Prezident Shavkat Mirziyoyevni yurtimizda qabul qilish biz uchun doim katta sharaf va mamnuniyat bag‘ishlaydi. Qayd etganingizdek, o‘tgan bir yarim yil davomida bunday tashriflar besh marta yuz berdi. Bularning bari munosabatlarimizning yuqori sur’atidan dalolat.
O‘tgan yil avgust oyida men davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda, shu yil iyul oyida esa O‘zbekiston Prezidenti Ozarboyjonda bo‘ldi. Ushbu tarixiy tashriflar doirasida o‘nlab, jumladan Strategik sheriklikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma, Ozarboyjon Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xarita»si va boshqa muhim hujjatlar imzolandi. O‘tgan qisqa davr mobaynida ulkan ishlar bajarildi. O‘zaro tashriflarning hammasi Ozarboyjon—O‘zbekiston munosabatlarini barcha sohalarda mustahkamlash, shuningdek Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasini o‘z ichiga olgan yagona geografik makonda sheriklikning yangi imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga kuchli turtki berdi.
Munosabatlarimizni rivojlantirish strategiyasini belgilashda 2023 yil avgust oyida ta’sis etilgan Oliy davlatlararo kengash ham alohida o‘rin tutadi. O‘zaro davlat tashriflari doirasida — 2024 yil 22-avgust kuni Toshkentda va 2025 yil 2-iyulda Bokuda ushbu tuzilma yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan. Fursatdan foydalanib, qardosh O‘zbekistonga Qorabog‘ni tiklash, xususan Fuzuliyda hozir 600 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olayotgan buyuk o‘zbek olimi Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab qurilishiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildiraman. O‘zbekiston Qorabog‘ mintaqasini tiklashda yordam ko‘rsatish tashabbusi bilan chiqqan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Biz buni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlik, do‘stlik, birodarlik ifodasi sifatida doimo yodda saqlaymiz.
Qardosh mamlakatga bo‘lajak tashrifni intizorlik bilan kutyapman. Har safar O‘zbekistonning jadal rivojlanishini, mamlakat xalqi erishayotgan ulkan yutuqlarni behad mamnunlik bilan kuzataman. Keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, jamiyat hayotining barcha sohalari izchil modernizatsiya qilinayotgani mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va mavqeini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu yutuqlar do‘stim va birodarim Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan, aniq maqsadga yo‘naltirilgan va puxta o‘ylangan davlat siyosati samarasidir.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat ikki tomonlama formatda, balki xalqaro maydonda ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Ozarboyjon va O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotining faol a’zolari hisoblanib, turkiy birlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Bundan tashqari, munosabatlarimiz BMT, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, OHICHK va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali tus olgan.
— Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi darajasini qanday baholaysiz?
— Savdo-iqtisodiy hamkorlikning hozirgi dinamikasidan to‘liq qoniqish mumkin. Har ikki tomon o‘zaro aloqalarni kengaytirish uchun katta ishlar qilmoqda, yangi loyihalarni ilgari surib, qo‘shma tashabbuslar ilgari surishga alohida e’tibor qaratmoqda. bugungi kunda Ozarboyjonda O‘zbekiston investitsiyasi ishtirokidagi 120 ga yaqin tijorat tashkiloti ro‘yxatdan o‘tgan holda, iqtisodiyotning turli tarmoqlari, jumladan sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport va xizmat ko‘rsatish sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo jadal sur’at bilan rivojlanmoqda. Xususan, 2024 yil o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 252 million dollarni tashkil etdi, 2025 yil yanvar-sentabr oylarida ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 87,5 foiz o‘sib, 319 million dollarga yetdi.
Sarmoyaviy hamkorlik mustahkamlanmoqda. bugungi kunga qadar O‘zbekiston Ozarboyjon iqtisodiyotiga 21,8 million dollar sarmoya kiritgan, Ozarboyjon esa O‘zbekiston iqtisodiyotiga 183,5 million dollar investitsiya yo‘naltirgan. 2023 yil umumiy kapitali 500 million dollarlik, ham mamlakatlarimiz hududida, ham uchinchi davlatlarda loyihalar amalga oshirishni ko‘zda tutgan Ozarboyjon—O‘zbekiston qo‘shma investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.
Yengil sanoatni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratayotgan, an’anaviy do‘stlik va qardoshlik rishtasini mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan Xonkendidagi qo‘shma korxona — tikuvchilik fabrikasi ham alohida e’tiborga loyiq.
Iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish orqali sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashda Ozarboyjon Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyatini e’tirof etish lozim. Muntazam o‘tkazib kelinayotgan Ozarboyjon—O‘zbekiston mintaqaviy forumi ayni yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirish uchun samarali platformaga aylandi.
Ozarboyjon qardosh O‘zbekiston bilan iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor. Buning uchun yuksak siyosiy iroda va ulkan salohiyat mavjud. bugungi kunga qadar iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish uchun ishonchli huquqiy asos yaratgan 200 ga yaqin hujjat imzolangan. Ozarboyjon bundan keyin ham ikki tomon manfaatlariga mos keladigan, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladigan hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
— Transport, logistika va energetika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning qanday istiqbollarini ko‘ryapsiz?
— Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri diversifikatsiyalangan transport-logistika infratuzilmasini yarati va tranzit imkoniyatini kengaytirishdir. Bu borada mamlakatlarimizning «O‘rta yo‘lak» xalqaro transport yo‘lagidagi ishtiroki alohida ahamiyatga ega. Bu jarayonda Ozarboyjon O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun muhim tranzit davlat hisoblanadi. So‘nggi yillarda ushbu yo‘lak orqali eksport imkoniyati va tashuv salmog‘ini oshirish masalasi alohida strategik ahamiyat kasb etmoqda.
2024 yil mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tranzit tashuv 2023 yilga nisbatan 18 foizdan ko‘proq oshib, 1 million 300 ming tonnadan ortdi. 2025 yilning to‘qqiz oyidayoq bu ko‘rsatkich qariyb 1 million tonnaga yetib, transport almashinuvi jadal o‘sib borayotganini ko‘rsatdi.
Ozarboyjonda yaratilgan zamonaviy transport infratuzilmasi, jumladan savdo floti, yaqin yillarda quvvati 25 million tonnaga yetadigan «Alat» xalqaro savdo porti, Boku—Tbilisi—Qars temir yo‘li, shuningdek mamlakatning to‘qqiz xalqaro aeroporti global transport va logistika markazi sifatidagi o‘rnimizni mustahkamlovchi omillardir. Bundan tashqari, Zangezur yo‘lagi ochilishi ham Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlariga foyda keltiradi.
Shaharlarimiz o‘rtasidagi avia parvozlar muhim ahamiyatga ega. «AZAL» aviakompaniyasi haftasiga Boku—Toshkent—Boku yo‘nalishida 7-marta, Boku—Samarqand—Boku hamda Boku— Urganch—Boku yo‘nalishlarida 2-martadan yo‘lovchi reyslarini amalga oshirmoqda. O‘z navbatida, bir haftada «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi samolyotlari Toshkent—Boku— Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab 3-marta, «Centrum» aviakompaniyasi uchoqlari esa 2-marta uchyapti.
Energetika sohasidagi hamkorlik va «yashil» energetikani rivojlantirish ham ustuvor yo‘nalishlar bo‘lib qolmoqda. «SOCAR» O‘zbekistonga Ozarboyjon neft va neft-kimyo mahsulotlari eksport qiladi. 2016 yildan buyon «Oʻzlitineftgaz» instituti va «SOCAR NIPI Neftegaz» negizida tashkil etilgan «Neftegaztexnologiya» qo‘shma korxonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
2024 yil Ozarboyjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston energetika tizimlarini integratsiyalash va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan qator strategik bitim va memorandumlarni imzoladi. Bu mintaqani barqaror rivojlantirish va energetika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi istiqbollar ochadi.
— Ozarboyjon va O‘zbekistonning madaniy-humanitar sohadagi hamkorligi haqida nima deya olasiz?
— Madaniy-humanitar hamkorlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni kengaytirishda muhim rol o‘ynaydi. Biz umumiy tarixiy-madaniy qadriyatlarni asrab-avaylash yo‘lida birga odimlab, barcha darajalarda yaqin hamkorlikni davom ettiryapmiz.
Xususan, 2023 yil Ozarboyjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, 2024 yil O‘zbekiston fan va madaniyat kunlari o‘tkazildi. Shu yil O‘zbekistonda Ozarboyjon madaniyati kunlari, Xiva shahrida «Shusha kunlari» tashkil etildi. Ushbu tadbirlar xalqlarimizning boy madaniy merosini namoyon etish, o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash va bir-birimizning ma’naviy olamimizni boyitishga bo‘lgan yakdil intilishni aks ettiradi.
Mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ismoilli—Rishton, Shusha—Xiva, Lankaran—Buxoro, Sheki—Qo‘qon, Bilasuvar—Termiz, Mingachevir—Namangan, Fuzuliy—Guliston, Quba—Jizzax, Beylagan—Shahrisabz shaharlari o‘rtasida birodarlik va sheriklik aloqalari o‘rnatildi. Hududlararo aloqalar faollashuvi xalqlarni yaqinlashtirish, tajriba almashish va hamkorlikning madaniy-gumanitar kun tartibini boyitishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikning ramziy ifodasi sifatida madaniy ahamiyatga ega ob’ektlar mavjud: Toshkentda Haydar Aliyev maydoni bor. Shu yil iyul oyida Bokuda «O‘zbekiston» bog‘iga tamal toshi qo‘yildi.
Fursatdan foydalanib, Ozarboyjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev xotirasiga ko‘rsatilayotgan ehtirom, chin birodarlik munosabati uchun O‘zbekiston rahbariyati va butun qardosh o‘zbek xalqiga minnatdorlik bildirmoqchiman.
Sport sohasidagi hamkorlikda ham yaxshi natijalarga erishilmoqda. Ikki davlatning birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida FIFA Ijroiya qo‘mitasi 2027 yil bo‘lib o‘tadigan U-20 Jahon chempionati final bosqichini Ozarboyjon va O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu Yevropa va Osiyoni birlashtiradigan umumiy tarixiy yutug‘imizdir.
Ommaviy axborot vositalari va nodavlat tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik ham samarali rivojlanmoqda. 2024 yil 23-25-sentabr kunlari Toshkentda birinchi O‘zbekiston—Ozarboyjon mediaforumi, joriy yil 29-sentabrda Bokuda ikkinchi Ozarboyjon—O‘zbekiston mediaforumi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, 2024 yil dekabr oyida Toshkentda ilk bor O‘zbekiston va Ozarboyjon nodavlat tashkilotlari forumi tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar va amalga oshirilgan loyihalarning barchasi Ozarboyjon va O‘zbekistonning madaniy-gumanitar sohadagi mustahkam qardoshlik aloqalarini yaqqol namoyon etib, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, ma’naviy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
— Janob Prezident, ushbu mazmunli suhbat uchun tig‘iz ish jadvalingizdan vaqt ajratganingiz uchun rahmat.
— O‘zbek xalqining Ozarboyjon—O‘zbekiston munosabatlari va umuman mintaqada ro‘y berayotgan jarayonlarga qiziqishi tobora ortib borayotgani menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Asrlar davomida qardosh xalqlarimiz va mamlakatlarimizni bog‘lab kelgan do‘stlik va hamkorlik rishtalari bardavom bo‘lsin.





