
Ilon Mask bilan janjal «Ryanair» aviachiptalarining arzonlashuviga olib keldi
Ilon Mas va «Ryanair» bosh direktori Maykl O’Lirining «X» ijtimoiy tarmog‘idagi ochiq tortishuvi aviakompaniyaning kutilmagan marketing yurishiga aylandi.

Ijtimoiy tarmoqdagi janjal
Irlandiyaning «Ryanair» aviakompaniyasi «X» (sobiq «Twitter») tarmog‘idagi ommaviy tortishuvdan keyin katta aksiya e’lon qildi. Kompaniya akkaunti amerikalik milliarder Ilon Maskning aviakompaniyani sotib olish haqidagi ishorasiga keskin munosabat bildirdi. Natijada «Ryanair» «Ilon va X’dagi boshqa har qanday ahmoqlar uchun maxsus katta sotuv» shiori ostida biletlar sotuvini boshladi, deb yozadi «Zerkalo» nashri.
Aviakompaniya ijtimoiy tarmoqda Maskni mazax qilgan holda, uning taklifini jiddiy qabul qilmasligini ochiq namoyon qildi.
Ommaviy aksiya va izohlar
«Ryanair» rahbari Maykl O’Liri biznesmenni qattiq tanqid qilib, Mask «aviakompaniyalarga egalik qilish qoidalarini samolyot aerodinamikasidan ham kamroq tushunadi», deya bayonot berdi. Kompaniya rasmiy akkauntida esa «Ehtimol, Mask dam olishi kerakdir?» degan kinoyali izoh qoldirildi.
Shundan so‘ng Ryanair 100 mingta bir tomonlama aviachiptani 16,99 yevrodan sotishini e’lon qildi. «Hoziroq sotib oling, Mask hammasini olib ketishidan oldin!» degan yozuv bilan aksiya yanada ommalashtirildi. Keyinchalik kompaniya bu arzonlashuv uchun «katta «ahmoq» Ilon Maskka rahmat aytish kerak»ligini ham qo‘shimcha qildi.
Mojaroning kelib chiqishi
Janjalga «Ryanair» aviakompaniyasining o‘z samolyotlariga «Starlink» sun’iy yo‘ldoshli internetini o‘rnatishdan bosh tortishi sabab bo‘lgan. Loukoster «Boeing 737» samolyotlarida «Starlink»ni joriy etishni rad etganidan keyin, Mask va O’Liri «X» tarmog‘ida o‘zaro haqoratlarga o‘tib ketgan.
Shundan so‘ng Mask aviakompaniyaning qiymati haqida so‘rab, obunachilariga uni sotib olish kerakmi-yo‘qmi degan savolnoma bilan murojaat qilgan edi. Bu esa «Ryanair» tomonidan hazil va marketingni birlashtirgan javobga sabab bo‘ldi. Natijada, ijtimoiy tarmoqdagi janjal kompaniya uchun katta reklama va biletlar sotuvining oshishiga aylandi.





