
Ilon Mask endi dunyoning eng boy odami emas
10.09.2025 | 22:3043135
Bloomberg dunyoda Ilon Maskdan ham ko‘ra boyroq insonni e’lon qildi.

Dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi Oracle kompaniyasining hammuassisi Larri Ellison Bloomberg milliarderlari reytingida Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Maskdan o‘zib, birinchi o‘ringa ko‘taril. Bu haqda agentlik xabar bermoqda.
Ellisonning mol-mulki 393 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, Maskning boyligi 385 milliard dollarni tashkil etgan. Ellison bunday keskin yuqorilashga erishishining sababi, uning kapitali bir kunda 101 milliard dollarga oshgani bo‘lgan — bu Bloomberg reytingi tarixidagi eng katta o‘sish hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Mask deyarli bir yil davomida reytingida birinchi o‘rinni egallab turdi. U ilk bor 2021 yilda bu mavqega erishgan, ammo keyinchalik Amazon asoschisi Jeff Bezos va LVMH asoschisi Bernar Arnodan ortda qolgan. Hozirda ular mos ravishda to‘rtinchi va sakkizinchi o‘rinlarni egallab turibdi.
Iyul oyidan boshlab Ellison Bloomberg reytingida Meta rahbari Mark Sukerbergni ortda qoldirib, ikkinchi o‘rinni egallab kelayotgan edi.
Shuningdek Forbes Ellisonning boyligi o‘sganini ta’kidladi (taxminan 102 milliard dollar yoki umumiy boyligining deyarli 35 foizi), uning umumiy kapitali 395 milliard dollarga baholanmoqda. Biroq Mask jurnal reytingida hamon 437 milliard dollar boyligi bilan peshqadamlik qilmoqda.
Ellisonning boyligi 2026-moliyaviy yilning birinchi choragi bo‘yicha hisoboti e’lon qilinganidan so‘ng Oracle aksiyalarining keskin o‘sishi tufayli ko‘paydi (AQSHda moliyaviy yil 1 oktyabrdan 30 sentyabrgacha davom etadi). Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, aksiyalar joriy yil davomida 45 foizga ko‘tarilib, 9 sentyabr kuni tarixiy yuqori cho‘qqiga erishdi va chorshanba kuni yana 41 foizga oshdi.
Agentlikning tushuntirishicha, sun’iy intellekt rivojlanishi fonida bulutli infratuzilmaga kiritilgan sarmoyalar Oracle’ning gullab-yashnashiga imkon bergan. Kompaniyaning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, bulutli texnologiyalardan olingan daromad 28 foizga o‘sib, 7,2 milliard dollarga, bulutli infratuzilmadan olingan daromad esa 55 foizga ko‘tarilib, 3,3 milliard dollarga yetgan. Oracle’ning majburiyatlar portfeli 359 foizga oshib, 455 milliard dollarga yetdi. Bunga yirik shartnomalar, jumladan, ChatGPT ishlab chiqaruvchisi OpenAI bilan 4,5 GVt quvvatga ega ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini yaratish bo‘yicha tuzilgan kelishuv sabab bo‘ldi.
Shuningdek, kompaniya AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan yanvarda e’lon qilingan Stargate sun’iy intellekt uchun infratuzilma yaratish loyihasida ham ishtirok etmoqda. Ellison respublikachi nomzodni qo‘llab-quvvatlamoqda.





