add

Ilon Mask «Ryanair»ni sotib olishni muhokamaga qo‘ydi

Bugun 08:582 daqiqa

Ilon Mask «Ryanair» aviakompaniyasini sotib olish ehtimoli haqida ochiq ishora qildi va ijtimoiy tarmoqda so‘rovnoma o‘tkazib, foydalanuvchilar fikrini sinab ko‘rdi.

Ilon Mask «Ryanair»ni sotib olishni muhokamaga qo‘ydi

Amerikalik tadbirkor, dunyoning eng boy insoni Ilon Mask ijtimoiy tarmoqdagi navbatdagi hazilomuz, ammo rezonansli chiqishi bilan Yevropa aviatsiya bozoriga e’tibor qaratdi. Mask Irlandiyaning «Ryanair» loukosterga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilib, kompaniyani xarid narxi qancha turishini so‘radi.

Hammasi «Ryanair»ning X ijtimoiy tarmog‘idagi posti bilan boshlandi. Aviakompaniya «New York Post»ning «X» platformasidagi texnik nosozliklar haqidagi xabariga munosabat bildirib, Maskka «Ehtimol, sizga Wi-Fi kerakdir?» degan kinoyali savol yo‘lladi. Bu esa tadbirkorning javobini uzoq kuttirmadi: «Sizni sotib olish qancha turadi?»

Shundan so‘ng Mask yana bir shov-shuvli g‘oyani ilgari surdi — «Ryanair» rahbariyatiga «haqiqiy Rayan»ni qo‘yish taklifini bildirdi. Bu fikr kompaniya nomiga ishora qilgan kinoya sifatida qabul qilindi va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Mask shu zahoti «X» platformasida ovoz berish ham boshladi. Qisqa vaqt ichida qariyb 38 ming nafar foydalanuvchi ishtirok etgan so‘rovda qatnashchilarning 82 foizi «Ryanair»ni Mask sotib olishi va «Rayanning qonuniy rahbar sifatida qaytishi» g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.

Ryanair — Yevropadagi eng yirik ultrabyudjet aviakompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya 35 davlatda 240 yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshiradi va kuniga o‘rtacha 3,6 ming reysni bajaradi. Aviakompaniya 1997 yildan beri birjada savdolarga chiqarilgan.

Hozirda «Ryanair»ning kundalik operatsion faoliyatini bosh direktor Eddi Uilson yuritadi, guruh bosh direktori lavozimini esa Maykl O’Liri egallab kelmoqda. Maskning bayonoti rasmiy taklif emas, balki ijtimoiy tarmoqdagi navbatdagi sinovli chiqish sifatida baholanmoqda. Ammo bozor kuzatuvchilari bu kabi «hazillar» ba’zan jiddiy strategik harakatlarga aylanib ketishini ham istisno qilmayapti.

Teglar

Mavzuga oid