add

«Immunitet bor»: Rossiya Trampning ultimatumidan qo‘rqmasligini aytdi

30.07.2025 | 22:402693

Rossiya sanksiya bosimiga moslashishni o‘rgandi, deb bayonot berdi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. U bu so‘zlarni AQSH prezidenti Donald Trampning ultimatumiga izoh berar ekan aytdi. Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putindan 10 kun ichida Ukrainadagi urushni tugatishni talab qilgan edi.

«Immunitet bor»: Rossiya Trampning ultimatumidan qo‘rqmasligini aytdi
Peskovning ta’kidlashicha, Rossiya iqtisodiyoti uzoq vaqtdan buyon tashqi cheklovlar sharoitida yashab kelmoqda, shu sababli u o‘ziga xos «immunitet» hosil qilgan. «Biz uzoq vaqtdan beri juda ko‘p sanksiyalar ta’siri ostida yashab kelmoqdamiz va iqtisodiyotimiz ko‘plab cheklovlar sharoitida faoliyat yuritmoqda. Shu sababli, tabiiyki, bu borada bizda ma’lum darajada immunitet shakllangan. Biz prezident Tramp va boshqa xalqaro vakillarning bu mavzudagi bayonotlarini kuzatishda davom etmoqdamiz», - dedi u. Eslatib o‘tamiz, Donald Trampning yangi ultimatumi 29 iyul kuni e’lon qilindi. U Rossiyaga harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun 10 kunlik muhlat berdi. Avvalroq, 14 iyulda, Tramp bu muddatni 50 kun deb belgilagandi, ammo keyinchalik Putinning harakatlaridan ko‘ngli qolganini aytib, uni qisqartirdi. AQSH prezidenti Moskva Vashingtonning sa’y-harakatlariga qaramay, vaziyatni keskinlashtirishni davom ettirayotgani va Ukrainaning tinch shaharlariga hujum qilayotganini ta’kidlagan. Belgilangan muddat tugagach, Tramp ikkilamchi sanksiyalar — Rossiya va uning savdo hamkorlariga qarshi 100 foizlik bojlar joriy etishni va’da qilgan. Oq uy rahbari yangi cheklovlarning jahon neft bozoriga ta’siridan xavotirda emasligini bildirgan. «Yo‘q, bu meni tashvishga solmaydi. Mamlakatimizda neft juda ko‘p. Biz qazib olishni ko‘paytiramiz», - degan Tramp.

Teglar

Mavzuga oid