
Immunitet pasayganda bolalarni qanday asrash kerak? — SSV tavsiyalari
13.09.2025 | 15:4013063
Havo sovishi bilan immunitet sustlashib, kasalliklar xavfi ortadi. SSV bolalar sog‘lig‘ini asrash uchun olti tavsiya berdi.
Kuzda bolalar shamollash va virusli kasalliklarga ko‘proq chalinishi mumkin. Shu bois Sog‘liqni saqlash vazirligi ota-onalarga bolalarni turli xastaliklardan asrash uchun amaliy maslahatlar berdi.
Avvalo, qo‘l gigiyenasiga jiddiy e’tibor zarur. Bolalar maktab, bog‘cha yoki jamoat joylarida ko‘pchilik bilan muloqot qiladi, shuning uchun qo‘llarni muntazam sovunlab yuvish va bemorlar bilan yaqin munosabatdan saqlanish shart.
Shamollash belgilari kuzatilsa, bolani uyda qoldirish tavsiya etildi. Bu nafaqat uning sog‘lig‘ini tiklaydi, balki kasallik tarqalishining oldini ham oladi.
Kiyim-kechakni faslga mos tanlash muhim. Kun issiq yoki salqin bo‘lishi mumkin, shuning uchun bolalar na juda yengil, na juda qalin kiyinmasligi, nam kiyimlar esa darhol almashtirilishi kerak.
Sog‘lom ovqatlanish ham asosiy omil hisoblanadi. Ratsionda mevalar, sabzavotlar, ko‘katlar, sut va baliq mahsulotlari, tovuq go‘shti va dukkakli yeguliklar bo‘lishi shart. Shu bilan birga, gazli ichimliklar, chips va shirinliklardan voz kechish zarur.
Uyqu rejasiga ham rioya qilish tavsiya qilindi. Maktab yoshidagi bolalar har kuni 8–10 soat uxlashi, bir vaqtda uxlab, bir vaqtda turishi va uxlashdan oldin telefon yoki planshetdan foydalanmasligi lozim.
Shaxsiy gigiyena qoidalari — yuz-qo‘llarni yuvish, tishlarni kunda ikki marta tozalash va kiyimlarni muntazam almashtirish ham sog‘lom o‘sishning asosiy shartlari sifatida qayd etildi.





