
Indoneziyada sahnida 11 kishi bo‘lgan samolyot bedarak yo‘qoldi
Indoneziyada ichki reysni amalga oshirayotgan ATR42-500 samolyoti bilan aloqa uzildi, qutqaruv amaliyoti boshlandi.

Indoneziyada sahnida 11 nafar odam bor bo‘lgan yo‘lovchi samolyoti bedarak yo‘qoldi. «Indonesia Air Transport» aviakompaniyasiga tegishli ATR 42-500 turboparrakli samolyoti shanba kuni ichki reys vaqtida aviadispetcherlar bilan aloqani yo‘qotgan. Samolyot Yogyakarta shahridan Makassar tomon uchib ketayotgan bo‘lgan.

Indoneziya Transport vazirligi ma’lum qilishicha, PK-THT borti raqamli havo kemasi bilan so‘nggi aloqa mahalliy vaqt bilan soat 13:17 da o‘rnatilgan. Samolyotning oxirgi aniqlangan joyi Janubiy Sulavesi provinsiyasidagi Maros tumaniga qarashli Leang-Leang hududi yaqinida bo‘lgan. Shu zahotiyoq mamlakatning Milliy qidiruv-qutqaruv agentligi — «Basarnas» tomonidan keng ko‘lamli qidiruv va qutqaruv amaliyoti boshlangan.
«Basarnas» hududda maxsus operativ shtab tashkil etgan va qutqaruv guruhlari samolyot so‘nggi bor kuzatilgan koordinatalar tomon yo‘naltirilgan. Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi esa barcha tegishli idoralar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotganini bildirgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotda jami 11 kishi — sakkiz nafar ekipaj a’zosi va uch nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Dastlabki meteoma’lumotlar parvoz vaqtida havo qisman bulutli bo‘lganini, ko‘rish masofasi esa taxminan sakkiz kilometrni tashkil etganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar bu ma’lumotlar hozircha tekshiruvdan o‘tayotganini ta’kidlamoqda.
Hodisa sabablari hozircha noma’lum. Qidiruv ishlari Janubiy Sulavesining tog‘li va o‘rmonli relefi tufayli murakkab sharoitda olib borilmoqda. Mutaxassislar samolyot joylashgan ehtimoliy hududni aniqlash uchun havo va yer usti vositalaridan foydalanmoqda.
Indoneziya — orollardan iborat yirik davlat bo‘lib, murakkab geografiya ichki aviatsiya uchun qo‘shimcha xavflar tug‘diradi.





