add

Indoneziyada vulqon otilishi sababli Baliga parvozlar bekor qilindi

18.06.2025 | 11:003484

Indoneziyaning Flores orolida joylashgan Levotobi Laki-Laki vulqoni otilishi tufayli Bali oroliga bir qator xalqaro va ichki reyslar bekor qilindi. Mutasaddilar aholini xavfsiz masofaga evakuatsiya qilishni tavsiya qilmoqda.

Indoneziyada vulqon otilishi sababli Baliga parvozlar bekor qilindi
Indoneziyadagi eng faol vulqonlardan biri sanalgan Levotobi Laki-Laki 17 iyun kuni mahalliy vaqt bilan 17:35 da faollashdi. Vulkanologiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, vulqon osmonga 11 km balandlikda otgan. Bu orqali hududda favqulodda ogohlik darajasi eng yuqori bosqichga ko‘tarildi. Hozircha jabrlanganlar yoki halok bo‘lganlar to‘g‘risida rasmiy ma’lumot yo‘q. Ammo tegishli idoralar aholini krater atrofidagi 7 km radiusdagi hududdan uzoqlashishga chaqirmoqda. Bir nechta mahallalar evakuatsiya qilingan, ba’zi hududlarda esa vulqon kuli yog‘ishi qayd etilgan. Bali orolida joylashgan I Gusti Ngurax Ray xalqaro aeroporti ma’lumotiga ko‘ra, chorshanba kuni tushgacha 20 dan ziyod reys bekor qilindi. Air India, Air New Zealand, Jetstar, Juneyao Airlines, Singapore Airlines va Virgin Australia kabi aviakompaniyalar Baliga reyslarini vaqtincha to‘xtatdi. Ayni paytda, AirAsianing Floresga ichki reyslari ham bekor qilindi. Geologiya agentligi rahbari Muhammad Vafidning ta’kidlashicha, kuchli yomg‘ir bo‘lganda laxar – vulqon kullari va balchiqdan iborat toshqinlar yuz berishi mumkin. Hukumat aholini nafas yo‘llarini himoyalash uchun niqoblar taqishga va faol vulqon hududini tark etishga chaqirdi. Vulqon hududida hanuz to‘lqinlanishlar sezilayotgani tufayli, xavfning saqlanib qolayotgani qayd etildi. Ma’lumot uchun, Levotobi ikki qirrali vulqon bo‘lib, undagi Laki-Laki (indonezchada «erkak») faolligi bilan ajralib tursa, unga tutash Perempuan («ayol») qirrasi balandroq. Vulqon so‘nggi marta may oyida faollashgan edi. Indoneziya Tinch okean «O‘t ochog‘i halqasi»da joylashgan bo‘lib, bu hududda seysmik faollik – zilzilalar va vulqon otilishlari tez-tez sodir bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid