
«Instagrampolvonlar» – O‘zbek MMAchilarini yeb bitirayotgan illatlar haqida
«Instagram», «YouTube», «Tik-Tok» kabivideoplatformalarda mashhur bo‘lish oson:«stories» qo‘yasan, zaldan bir-ikki «live» qilasan, katta gapirasan, markaziy osiyolik biror taniqli sportchiga tahdidli chiqish qilasan — tamom, kuzatuvchilar seni «qahramon» qilib yuboradi.
Lekin jang kuni belgilanib, oktagon eshigi yopilgach, endi ayfonlar emas — xarakter, kuch va uslub gapiradi. Bu yerda instagram yo‘q. Bu — erkakcha jang.
Kecha «Humo» arenada o‘tgan Oktagon 84 turnirida instagram va tik-tokda shovqini baland bir necha o‘zbek MMAchilarining sharmandali janglariga guvoh bo‘ldim: azbaroyi dam olish kuni va bo‘sh vaqtim bo‘lgani uchun «YouTube»da kuzatdim.
Bilasizmi, bizning media jangchilarda deyarli hech narsa yo‘q: na uslub, na kurash, na «kulachka», na bo‘g‘ish va na «stoyka». Barchasida qo‘shni davlat sportchilariga g‘alabalarni berib yuborishmoqda. Ammo biznikilar ertaga o‘zlari odatlangani kabi yana «Instagram»da boshlashadi: «men tayyorman», «menga imkon berishmadi», «hakam aralashdi», «menga jang bering», «jang stoykada edi» va h.k. va sh.k...
Yo‘q, muammo aslida imkoniyatda ham, hakamlar aralashuvida ham emas
Muammo — bizning sportchilardagi intizomsizlik, mehnat qilmay, faqat tarmoq uchun ko‘rsatiladigan tayyorgarlik va kuchni aql bilan ishlata olmaslikda. Umuman olganda, ularda tayinli uslubning-da o‘zi yo‘q. Bizning oktagonchilarning deyarli barchasini mana shu muammolar yeb bitirmoqda.
Ha, o‘zbek jangchilarining tarmoqlarda shishirilgan kuchi oktagonga chiqqandagi kuchiga umuman mutanosib emas. Ular, aytganimdek, faqat «Instagram» va «Tik-Tok»da qahramon.
Xo‘sh, maqtovlardan pufak kabi shishirilgan Shahzod (gold) Uzoqov deganingiz bugun nima qildi? Aytishlaricha, jangdan avval 24 soat instagramda hayp, baqir-chaqir va raqibiga nisbatan tahdidlar bilan shug‘illandi. Oqibatda esa MMAda atigi bitta jang o‘tkazgan ozarboyjonlik sportchi uni shunchaki «yeb qo‘ydi». Ilk raunddayoq!
Yoki boshqalar-chi?
O‘rtoqlar, haqiqiy jangchi hayp, reyelslar bilan emas, tayyorgarlik bilan, chiroyli sukut va jangdan keyingi natija bilan gapiradi.
Agar siz jangchi bo‘lsangiz «komment»da emas, zalda bo‘ling. «Istagram», «Tik-Tok», «stories»larda emas, sparringlarda bo‘ling.
Chiqing «Instagram»dan , qayting oktagonga, reallikga
Muxlislar sizni tarmoqlardagi «karam sho‘rvangiz», valdirashlaringiz uchun emas, jangdagi jur’at va mahoratingjz uchun hurmat qilsin.
Eplolmasangiz, yig‘ishtiring vatan bayrog‘i bilan ringga chiqishni ham. Hayf, sizlarga sarflagan 120 daqiqam.
Darvoqe, kecha vatan bayrog‘ini chinakam himoya qilgan sportchilar ham yo‘q emasdi. Masalan, shu kunlarda Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida o‘tgan «Tata Steel Chess 2026» turnirida o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov Masters guruhida barqaror va ishonchli o‘yin ko‘rsatib, turnirni yakka peshqadam sifatida yakunlab, chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Javohir Sindarov ham ushbu nufuzli turnirda O‘zbekiston bayrog‘ini munosib himoya qilib, kuchli raqiblar fonida raqobatbardosh o‘yin namoyish etdi. U bu turnirda ikkinchi bo‘ldi.
Barakalla yigitlar, otangizga rahmat.
Teglar






