add

Ipoteka kreditida yangi imkoniyat: endi norasmiy daromad ham hisobga olinadi

23.09.2025 | 12:3045443

O‘zbekistonda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi (IQMK) norasmiy daromadga ega fuqarolarga berilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni boshlaydi.

Ipoteka kreditida yangi imkoniyat: endi norasmiy daromad ham hisobga olinadi
Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, yangi mexanizm tijorat banklari orqali ipotekani kengroq aholi qatlamiga taqdim etishga xizmat qiladi. Bu orqali rasmiy ish haqi hujjatlarini taqdim eta olmagan, ammo barqaror daromad manbaiga ega aholi qatlami ham ipotekadan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari ham yil boshida fikr bildirgan edi. Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda xorijda ishlab, yurtga pul jo‘natayotgan fuqarolar rasmiy daromad yo‘qligi sababli ipoteka krediti va subsidiya olish imkoniyatidan mahrum bo‘layotganini ta’kidlagan. Shu bois, mamlakatga olti oy davomida muntazam mablag‘ yuborgan migrantlar daromadini hisobga olish tizimini joriy etish topshirilgan. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida tijorat banklari aholiga 9,44 trln so‘m ipoteka krediti ajratgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 37,1 foizga ko‘pdir. Shu davrda kredit oluvchilar soni 20,6 foizga ko‘payib, 26 ming 201 nafardan 31 ming 589 nafarga yetdi. O‘rtacha ipoteka krediti hajmi 13,7 foizga o‘sib, 298,6 mln so‘mni tashkil etgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi asosiy moliyalashtiruvchi sifatida 6,38 trln so‘m ipoteka bergan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 74 foiz ko‘p. IQMK esa ajratilgan mablag‘ hajmini 6,2 foizga qisqartirib, 800 mlrd so‘mdan kamroq kredit taqdim etdi.

Teglar

Mavzuga oid