
IQ bo‘yicha eng aqlli davlatlar reytingi e’lon qilindi — O‘zbekiston IQ darajasi qanday?
137 mamlakat qamrab olingan yangi reytingda Osiyo davlatlari aholisining intellekt ko‘rsatkichlari yetakchilik qildi.

International IQ Test tomonidan e’lon qilingan navbatdagi reytingga ko‘ra, dunyo mamlakatlari aholisining o‘rtacha intellekt koeffitsiyenti asosida baholash natijalari yangilandi. 2026 yil boshiga qadar tuzilgan ushbu reyting 137 mamlakat va hududdan 1,2 million nafar ishtirokchining test natijalariga tayanadi. Barcha ishtirokchilar bir xil standart topshiriqlarni bajargan bo‘lib, natijalar umumiy tahlil asosida shakllantirilgan.
IQ darajasi eng yuqori davlat
Reytingda birinchi o‘rinni Janubiy Koreya egalladi. Ushbu mamlakat aholisining o‘rtacha IQ ko‘rsatkichi 106,97 ballni tashkil etgan. Mutaxassislar buni ta’lim tizimiga yuqori talablar, fan va texnologiyalarga yo‘naltirilgan siyosat bilan izohladi.
Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Xitoy hamda Yaponiyaga to‘g‘ri kelgan. Xitoyda o‘rtacha IQ darajasi 106,48 ballni, Yaponiyada esa 106,3 ballni tashkil etgan. Bu mamlakatlarda ham ta’lim sifati, intizom va ilmiy tadqiqotlarga sarmoya yuqori ekani qayd etilmoqda.
Reytingning ilk beshligiga, shuningdek, Eron va Avstraliya kirgan. Eron aholisining o‘rtacha IQ ko‘rsatkichi 104,8 ball, Avstraliyada esa 104,45 ball sifatida baholangan. Bu natijalar ushbu davlatlarda inson kapitaliga qaratilgan dasturlar samaradorligini ko‘rsatadi.
Kuchli o‘nlikka kirgan davlatlar
Rossiya 103,78 ball bilan oltinchi o‘rinni egallagan. Undan keyin Singapur 103,56 ball va Mo‘g‘uliston 102,61 ball keladi. Birinchi o‘nlikni Yangi Zelandiya 102,35 ball va Vietnam 102,26 ball yakunlaydi.
AQSH esa 101,04 ball bilan 18-o‘rindan joy olgan. Reytingning eng quyi qismida ayrim Afrika davlatlari qayd etilgan bo‘lib, ro‘yxatni Somali yakunlaydi.
O‘zbekistonning IQ darajasi
O‘zbekistondan 4 671 ishtirokchi qamrab olingan. Aholining o‘rtacha IQ ko‘rsatkichi 96,51 ball bilan Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etmoqda.





