
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentga yangi rahbar tayinlandi
02.08.2025 | 11:4520193
Avvalgi rahbar Shamsiddin Sohibnazarov ishdan olindi. Endi departamentga ikki yildan buyon bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jahongir Hotamov rahbarlik qiladi. U turli viloyatlarda prokurorlik tajribasiga ega.

O‘zbekiston prezidentining farmoniga muvofiq, Jahongir Jo‘rayevich Hotamov bosh prokuror o‘rinbosari – Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu lavozimga tayinlangunga qadar Hotamov bosh prokurorning o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. U 2016–2017 yillarda Jizzax viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari, 2017–2018 yillarda esa Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Keyinchalik u 2018–2020 yillarda Xorazm viloyati, 2020–2022 yillarda Namangan viloyati va 2022–2023 yillarda Samarqand viloyati prokurori bo‘lgan.
Jahongir Hotamov so‘nggi ikki yil davomida O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi. Endi u mamlakatning iqtisodiy xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan asosiy idoralardan biriga rahbarlik qiladi.
Departamentga 2023 yildan beri rahbarlik qilib kelgan Shamsiddin Sohibnazarov ishdan ketdi. U 2024 yil boshida bir vaqtning o‘zida ham departament boshlig‘i, ham bosh prokuror o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilgandi. Ammo aprelda ishdan olingani haqida xabarlar tarqalgan, lekin rasman tasdiqlanmagandi.
Shu bilan birga, 1 avgust kuni boshqa kadr o‘zgarishlari ham amalga oshdi. Xususan, Inoyat Shukurov o‘z xohishiga ko‘ra departament boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatildi. Toshkent shahar boshqarmasi rahbari Muhammadjon Ro‘zmatov ham ishdan olingani ma’lum qilindi.





