
Iqtisodiyotda gender tengligi o‘zbekistonliklar daromadini 29 foizga oshiradi — Markaziy bank
O‘zbekistonda ayollar va erkaklar o‘rtasida tenglikni ta’minlash aholi daromadini qariyb uchdan biriga oshirishi mumkin. Markaziy bank 2025 yil yakunlari uchun We Finance Code hisobitini taqdim qildi.

O‘zbekistonda 2023 yildan boshlab ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun We Finance Code tashabbusi yo‘lga qo‘yilgan. Markaziy bank bu bo‘yicha 2025 yilgi hisobotni taqdim qildi.
2025 yil yakuni bo‘yicha, mamlakat doimiy aholisi soni 38 million kishidan ortiq bo‘lib, uning taxminan 49 foizi ayollar (18,9 million atrofida).
Mehnatga layoqatli aholi (15-64 yosh) orasida 10 milliondan ortiq ayollar bo‘lib, ular mehnatga layoqatli jami aholining qariyb 47 foizini tashkil etadi.
Jahon bankining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki 45 foizdan oshmaydi. Ayollar va erkaklar o‘rtasida iqtisodiy faoliyatda teng ishtirokni ta’minlash O‘zbekiston milliy daromadini taxminan 29 foizga oshirishi mumkin.
McKinsey ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar o‘z biznesini boshlashda oilaviy va uy majburiyatlari to‘siq bo‘lishini erkaklarga nisbatan ikki barobar ko‘proq qayd etadi.
Jahon bankining tahlillari shuni ko‘rsatadiki, ayollarning 60 foizdan ortig‘i mehnat bozorida ishtirok etishda bolalar va keksalar parvarishi bilan bog‘liq majburiyatlarni asosiy to‘siq sifatida ko‘rsatadi.
BMT Taraqqiyot Dasturining tadqiqotlariga ko‘ra esa, ayollarning 48 foizi ish va oilaviy majburiyatlarni muvozanatlashda jiddiy qiyinchiliklarga duch keladi.
Moliyaviy sektorda gender tenglikni tizimli tashkil etish maqsadida 2025 yilga kelib 15 ta bank Markaziy bankning ichki gender tenglik siyosatini qabul qilgan.
Ta’kidlanishicha, qilinayotgan ishlar natijasida iqtisodiyotda ayollar faolligi yildan-yilga oshib bormoqda.
Ayol tadbirkorlar ulushi qariyb 40 foizga yetdi
2022 yilda mamlakatda taxminan 500 ming kichik va o‘rta korxona faoliyat yuritgan bo‘lib, ularning 187 mingtasi ayol tadbirkorlar tomonidan boshqarilgan.
2025 yilga kelib, bu raqam sezilarli darajada oshdi va hozirda mamlakat bo‘ylab 801 mingdan ortiq kichik va o‘rta biznes korxonalari faoliyat yuritmoqda, ulardan 225 mingtasi ayol rahbarlar tomonidan boshqarilmoqda.

Ayol tadbirkorlarning umumiy kichik va o‘rta biznes egalaridagi ulushi 39,6 foizni tashkil qilmoqda.
Shuningdek, mamlakat bo‘ylab jami 5,2 million o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 2,1 millionini ayollar tashkil etadi.
2020–2025 yillar davomida ayollar biznesini moliyalashtirish ham sezilarli darajada o‘sdi. Kreditlar soni 100 790 tadan 403 872 taga yetib, 300 foizga o‘sdi, umumiy kredit hajmi esa 4,9 trillion so‘mdan 22,7 trillion so‘mga oshib, 364 foizga o‘sdi.
Ayni paytda We Finance Code Milliy Koalisiyasi a’zolari soni 19 ta bo‘lib, ulardan 11 tasi bank hisoblanadi.





