
Irlandiya Isroilga iqtisodiy bosim o‘tkazishga tayyorlanmoqda
25.06.2025 | 11:4045913
Yangi qonun loyihasi ishg‘ol qilingan Falastin hududlaridan mahsulot olib kirishni taqiqlaydi.
Irlandiya hukumati Falastin hududlaridagi Isroil posyolkalaridan keltirilayotgan mahsulotlarga qarshi rasmiy iqtisodiy chora ko‘rishga tayyorlanmoqda. Bu haqda mamlakat vitse-premeri Saymon Xarres bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, tashabbus Isroilning “genotsid xatti-harakatlari”ga qarshi yo‘naltirilgan va irland jamiyatining pozitsiyasini aks ettiradi.
Mazkur tashabbus doirasida Irlandiya bojxona qonunchiligiga o‘zgartish kiritish ko‘zda tutilgan. Agar qonun qabul qilinsa, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi Isroil tomonidan qurilgan posyolkalardan tovar olib kirish qonunbuzarlik sifatida baholanadi.
May oyida hukumat ushbu qonun loyihasini dastlabki ma’qullovdan o‘tkazgan. Endi uni Irlandiya parlamenti ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Qonun qabul qilinsa, Irlandiya Yevropa Ittifoqida Isroil ishg‘olidagi hududlarga qarshi iqtisodiy chora ko‘rgan birinchi davlatga aylanadi.
Xarresning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus boshqa Yevropa davlatlarini ham shunga o‘xshash choralar ko‘rishga undashi mumkin. “Har bir davlat o‘zda mavjud barcha vositalardan foydalanishi kerak”, – dedi u.
Irlandiyaning ushbu qat’iy pozitsiyasi xalqaro maydonda Isroilning Falastindagi harakatlariga qarshi bosimni kuchaytirishi mumkin.





