add

Iroqda suv zaxiralari so‘nggi 80 yilda eng past darajaga tushdi

26.05.2025 | 10:2042834

Iroqda suv taqchilligi tobora kuchayib bormoqda. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda suv zahiralari keskin kamayib, o‘tgan asrning o‘rtalaridan buyon bunday og‘ir ahvol kuzatilmagan.

Iroqda suv zaxiralari so‘nggi 80 yilda eng past darajaga tushdi
Iroqda suv zaxiralari rekord darajada kamaydi. Bu haqda «Al Arabiya» nashri mamlakat hukumati vakillariga tayangan holda xabar berdi. Mamlakatda yomg‘ir mavsumi kam suv bilan o‘tdi. Bu esa oxirgi 80 yil ichidagi eng past darajadagi suv zahirasiga olib keldi. Hozirda Dajla va Frot daryolaridan kelayotgan suv oqimi keskin kamaygan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Iroq bu ikki asosiy manbadan o‘z ulushining atigi 40 foizini olmoqda. Mamlakatda 46 millionga yaqin aholi yashaydi va suv inqirozi ularning hayotida katta muammoga aylangan. Iroq rasmiylari qo‘shni Eron va Turkiyada qurilgan to‘g‘onlar Dajla va Frot daryolaridagi suv miqdorini qisqartirayotganini ta’kidlamoqda. Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Xolid Shamalning so‘zlariga ko‘ra, yoz mavsumida suv miqdori kamida 18 milliard kub metr bo‘lishi kerak edi, ammo hozirgi paytda bu ko‘rsatkich atigi 10 milliardni tashkil qilmoqda. Qishloq xo‘jaligi rejalari ham suvga bog‘liq. Hukumat bu yil 1,5 milliondan ortiq dunam (375 ming gektar) hosildor yerlarni saqlab qolishni maqsad qilgan. Bir yil avval esa fermerlarga 2,5 million dunam yer ajratilgan edi. Suv tanqisligi natijasida fermerlar yerlarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishmoqda. Hukumat ichimlik suvi ta’minotini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi faoliyatini qisqartirgan. 2024 yilda Iroq va Turkiya suv resurslarini samarali boshqarish maqsadida o‘zaro 10 yillik hamkorlik bitimini imzolagan. Ushbu bitim suv tanqisligiga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.

Teglar

Mavzuga oid