add

Ishlab chiqarilganiga 15 yil bo‘lgan avtomobillarga taksichilik qilish cheklanishi mumkin

Bugun 21:102 daqiqa

Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, respublika shaharlarida eski avtomobillarda yo‘lovchi tashish amaliyoti bosqichma-bosqich cheklanishi mumkin.

Ishlab chiqarilganiga 15 yil bo‘lgan avtomobillarga taksichilik qilish cheklanishi mumkin

O‘zbekiston shaharlarida yo‘nalishsiz taksi sifatida faoliyat yuritayotgan avtomobillarning ekspluatatsiya muddatini 15 yil bilan cheklash rejalashtirilmoqda. Bu taklif Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan «Transport to‘g‘risida»gi qonun loyihasida nazarda tutilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, shaharlarda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi yo‘nalishsiz taksilar texnik holati va jihozlari yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amaldagi qonunchilik talablariga mos bo‘lishi shart.

Xususan, shahar sharoitida foydalanilayotgan avtomobillarning ekspluatatsiya muddati 15 yildan oshmasligi belgilanmoqda.

Hujjatda mazkur cheklov yo‘lovchilar xavfsizligini oshirish, texnik nosoz transport vositalaridan foydalanishni qisqartirish hamda shahar transport xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgani ta’kidlangan.

Shu bilan birga, yo‘nalishsiz taksilarda majburiy sug‘urta mavjud bo‘lishi, elektron to‘lov tizimlari orqali haq qabul qilish imkoniyati yaratilishi va taksometr funksiyalarini bajaradigan maxsus ilovalardan foydalanish talab etiladi.

Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi bosqichida bo‘lib, u qabul qilingan taqdirda shaharlarda eski avtomobillarda yo‘lovchi tashish amaliyoti bosqichma-bosqich cheklanishi mumkin. Bu orqali taksi xizmatlari bozorini tartibga solish va xavfsizlik darajasini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Loyihada, shuningdek, shahar yo‘lovchi transportida yo‘nalishlarni tashkil etish va yopish tartibi ham aniq belgilab qo‘yilgan. Yangi yo‘nalishlar ochish, mavjudlarini o‘zgartirish yoki yopish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan mahalliy hokimiyatlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, shahar yo‘lovchi transportida yo‘nalishlarni biriktirish elektron axborot tizimi orqali ochiq tenderlar asosida o‘tkazilishi belgilanmoqda. Tenderlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Teglar

Mavzuga oid