
Ishsiz va kam ta’minlangan fuqarolarga til va kasb o‘rganish vaucheri beriladi
26.08.2025 | 15:3035663
Hukumat qaroriga ko‘ra, ishsiz va kam ta’minlangan fuqarolarga kasb yoki xorijiy tillarni bepul o‘rganish imkonini beradigan vaucherlar ajratiladi.

Nizomga asosan, vaucherlar «Kambag‘al oilalar reyestri»ga kiritilgan oilalarning ishsiz a’zolari hamda rasmiy daromadi yo‘q shaxslarga taqdim etiladi. Bu orqali ularning o‘qish xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ecosys.mehnat.uz orqali maxsus elektron reyestr yuritadi. Unda ushbu toifadagi shaxslarni o‘qitadigan ta’lim tashkilotlari qayd etiladi.
Fuqarolar vaucher olish uchun tuman yoki shahar bo‘limlariga murojaat qilishi, mahalla hokim yordamchilari orqali ariza berishi yoxud ecosys.mehnat.uz orqali elektron tarzda murojaat qilishi mumkin. Birinchi navbatda, mahalliy mehnat bo‘limlari ariza beruvchiga mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etadi. Agar taklif qilingan ish o‘rni ma’qul kelmasa yoki shaxsning mutaxassisligi yo‘q bo‘lsa, vaucher berish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Ariza beruvchilar elektron tizim orqali skoringdan o‘tkaziladi. Agar shaxs belgilangan toifaga kirsa, u vaucher olish huquqiga ega bo‘ladi. Vaucherdan 3 oy ichida foydalanish talab etiladi va har bir fuqaro undan bir marotaba bepul ta’lim olish huquqiga ega bo‘ladi.





