add

Islom Karimovni xotirlagan qizi, uy-joy xaridida beriladigan keshbek va Telegramdan «.apk» yuborayotganlar — 3 sentyabr dayjesti

03.09.2025 | 22:0017098

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Islom Karimovni xotirlagan qizi, uy-joy xaridida beriladigan keshbek va Telegramdan «.apk» yuborayotganlar — 3 sentyabr dayjesti
Dovut-ota postidagi cheklovlar yil oxirigacha uzaytirildi Qozog‘iston bilan chegaradagi Dovut-ota postida yo‘lovchi va yengil transport vositalari harakati cheklovi 2025 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi. Bojxona qo‘mitasi ma’lumoticha, qaror xavfsizlikni ta’minlash va chegara infratuzilmasini yangilash ishlari sabab qabul qilingan. Fevraldan beri postdan faqat 3,5 tonnandan ortiq yuk avtomobillari o‘ta oladi, yo‘lovchilar va yengil mashinalar uchun esa cheklov saqlanmoqda. Iyundan boshlab postda rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda: ma’muriy binolar ta’mirlanmoqda, yo‘l qoplamalari betonlanmoqda. Ilgari bu yerda yangi 6 gektarlik terminal ishga tushirilgan bo‘lib, u 350 ta yuk mashinasini qabul qilish imkoniyatiga ega. Shu bilan birga, Nukus–Beyneu yo‘nalishida qo‘shimcha poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonda uy-joy xaridlariga keshbek joriy etilishi mumkin O‘zbekistonda uy-joy xaridlariga keshbek tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Savdo-sanoat palatasi va qurilish sohasi vakillari ishtirokidagi muloqotda bildirilishicha, hozirda uy-joylarning atigi 10 foizi rasmiy ravishda QQS bilan sotiladi, qolgan qismi esa soliqsiz amalga oshirilmoqda. Palata raisi Davron Vahobovning aytishicha, keshbek orqali fuqarolar qurilish kompaniyalaridan hisobvaraq-faktura talab qiladi va bitim summasining 5−6 foizini qaytarib olish imkoniga ega bo‘ladi.  Shu bilan birga, qurilish sohasida yashirin iqtisodiyot hajmi 97 trln so‘mga yetgani ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, 1,2 trln so‘m soliq yashirilgan, 203 mlrd so‘m esa talon-toroj qilingan. Hisobotlarda minglab ob’ektlarda ishlar kamaytirib ko‘rsatilgan yoki umuman ro‘yxatga olinmagani qayd etilmoqda. Toshkentda ".apk" virusli dasturi orqali odamlar pulini o‘marib kelgan jinoiy to‘da qo‘lga olindi Toshkentda «Xavfsiz kiberhudud» tadbirlari davomida odamlarning mablag‘larini «.apk» virusli dasturi orqali o‘g‘irlab kelgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular 133 dan ortiq fuqaroning bank kartasiga bog‘liq ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, taxminan 3 mlrd so‘m o‘margan. Kiberxavfsizlik markazi aytishicha, dastur orqali SMS va qo‘ng‘iroqlar nazorat qilingan hamda Telegram-guruhlarga ulanib ishlatilgan. Guruh tarkibida 11 nafar turli davlat fuqarolari bo‘lgan. Huquq-tartibot organlari ularning uylaridan mobil qurilmalar va dalillar topgan. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov davom etmoqda.   TIV Rossiyaga o‘zbekistonliklarni haqorat qilgan shaxs bo‘yicha nota yo‘lladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga o‘zbekistonlik taksi haydovchisini haqorat qilgan shaxs bo‘yicha rasmiy nota yo‘lladi. Vazirlikning ma’lumoticha, avgust oyi oxirida tarqalgan video jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan. Notada videoda aks etgan shaxsni aniqlash va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rish talab qilingan.  TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov fuqarolarga murojaat qilib, qaysi davlatda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zbekistonliklar davlat himoyasida ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, xorijda huquq va manfaatlar buzilgan taqdirda, mahalliy huquq-tartibot idoralari hamda O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilish kerakligi eslatildi. Toshkentning notasi orqali Rossiyadan aniq choralar ko‘rilishi talab qilinmoqda.   «Otam O‘zbekistonni fuqarolar urushi va Suriya taqdiri boshiga tushishidan asrab qoldi» — Lola Karimova Lola Karimova-Tillyayeva otasi, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovni xotirlab, ijtimoiy tarmoqda videomurojaat e’lon qildi. Unda otasining mamlakatni fuqarolar urushi va Yaqin Sharqdagi ba’zi davlatlar, xususan Suriya boshidan kechirgan fojialar taqdiridan asrab qolganini ta’kidladi. Shuningdek, u Karimov siyosatini yomon ko‘rsatishga urinayotgan buyurtma suhbatlar, bo‘htonli intervyular va «trollar» faoliyati kuzatilayotganini qayd etdi. Karimova otasi dono va qat’iyatli rahbar bo‘lgani, mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekiston bosib o‘tgan yo‘l uning siyosiy yetukligi va uzoqni ko‘ra bilishi bilan bog‘liqligini aytdi. U bugungi kunda ham Karimov siyosatining ahamiyatini chuqur anglayotganini bildirib, xotirasini ezgulik va minnatdorlik bilan yodga olishga chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Islom Karimovni xotirlagan qizi, uy-joy xaridida beriladigan keshbek va Telegramdan «.apk» yuborayotganlar — 3 sentyabr dayjesti | Vaqt.uz