
Ispaniya agar Isroil qatnashsa, JCH–2026dan voz kechishi mumkin
18.09.2025 | 08:4035823
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Isroil ishtirok etsa, mamlakat milliy jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatida qatnashmasligini bildirdi.

G‘azoga qarshi amalga oshirilayotgan harbiy harakatlar fonida Ispaniya hukumati Isroilga ochiqcha qarshilik bildirdi. Bosh vazir Pedro Sanches AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida Isroil ishtirok etsa, Ispaniya musobaqaga o‘z terma jamoasini yubormasligi mumkinligini ma’lum qildi.
Ispaniya parlamenti deputati Patchi Lopes ham Sanches bayonotini qo‘llab-quvvatlab, shunday dedi: «Bu vaziyatda jamoaviy javob zarur. Isroil G‘azo sektorida ishg‘ol harakatlarini olib bormoqda. Ruslar sport tadbirlaridan chiqarildi. Nega Isroilga boshqacha yondashish kerak? Ruslar chiqarildi, ular-chi, nega qoladi? Farqi nimada?»
Uning ta’kidlashicha, Isroil jamoalari sport tadbirlaridan, shu jumladan Yevrovideniye musobaqasidan ham chetlatilishi kerak. U Ispaniya jamiyatining katta qismi bu nuqtayi nazarni qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi.
Ispaniya rasmiylarining ushbu bayonoti jahon jamoatchiligi orasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda Ispaniyaning pozitsiyasini olqishlab, boshqa davlatlarni ham shunday qat’iy chora ko‘rishga chaqirmoqda.
Mazkur bayonot JCH–2026 musobaqasi oldidan xalqaro sport va siyosiy vaziyatda yangi murakkabliklarni keltirib chiqarishi mumkin. FIFA hozircha bu mojaroga munosabat bildirmadi.
Eslatib o‘tamiz, Ispaniya milliy terma jamoasi Yevropaning amaldagi chempioni bo‘lib, AQSH, Meksika va Kanadada o‘tadigan JCH-2026ning asosiy favoritlaridan biri sanaladi.





