add

Ispaniyada plyaj va bekatlarda sigaret chekish taqiqlanadi

11.09.2025 | 09:3027484

Ispaniyada ochiq havoda chekishning taqiqlanishi butun turistik muhitni o‘zgartirishi aytilmoqda.

Ispaniyada plyaj va bekatlarda sigaret chekish taqiqlanadi
Ispaniya hukumati jamoat joylarida ochiq havoda chekishni taqiqlovchi yangi qonun loyihasini taqdim etdi. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, taqiq plyajlar, bar va restoranlar terrasalari, avtobus bekatlari hamda stadionlarga taalluqli bo‘ladi. U nafaqat an’anaviy sigaretalar, balki veyplar va elektron sigaretalarni ham qamrab oladi. Yangi qonun loyihasi joriy yil iyul oyida Fransiyada qabul qilingan o‘xshash cheklovlarga o‘xshaydi. Biroq Ispaniya loyihasining farqi shundaki, u Fransiyada ruxsat etilgan bar terrasalarini ham qamrab oladi. Shu bois, Ispaniya mehmonxona va umumiy ovqatlanish sanoati vakillari bu tashabbusga keskin e’tiroz bildirishdi. Ularga ko‘ra, «ochiq terrasalar kashandalar uchun eng talabgir joylardan hisoblanadi». Ispaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda har yili chekishga bog‘liq sabablar tufayli 50 mingdan ortiq kishi vafot etadi. Bu kuniga o‘rtacha 137 o‘lim holati deganidir. Hukumat shu yo‘l bilan sog‘liqqa xavfli odatlar va passiv chekishning oldini olishni maqsad qilgan. Veyplar bo‘yicha cheklovlar faqat Ispaniya bilan cheklanib qolmayapti. Rossiya Davlat Dumasi ham kuzgi sessiyada veyplarni butunlay taqiqlashni muhokama qilmoqchi. 22 avgust kuni Nijniy Novgorod viloyati gubernatori Gleb Nikitin Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda veyplarni butunlay taqiqlash huquqini mintaqalarga berish taklifini ilgari surdi. Putin ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan edi. Bu kabi tashabbuslar butun Yevropada sigareta va elektron chekish qurilmalariga qarshi siyosat kuchayayotganini ko‘rsatmoqda. Turizm va servis sohalari uchun esa bu yangi qonun o‘zgarishlarini talab qilishi turgan gap.

Teglar

Mavzuga oid