
Isroil 33 falastinlikni o‘ldirib, 3 asirning jasadini qaytardi
23.06.2025 | 15:3021774
Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi maxsus operatsiya davomida 3 nafar asirning jasadini qaytardi. Bunga erishish uchun kamida 33 falastinlik o‘ldirilgani aytilmoqda.
22 iyun kuni Isroil armiyasi G‘azo sektorida o‘tkazgan reyd natijasida 2023 yilda HAMAS tomonidan asir olingan 3 nafar shaxs — Ofra Keydar, Yonatan Samerano va Shay Levinsonning jasadlari qaytarilgani ma’lum qilindi.
Bu amaliyot paytida kamida 33 falastinlik halok bo‘lgan. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi 24 soatda 51 nafar falastinlik halok bo‘lgan.
Isroil manbalariga ko‘ra, 2023 yilda HAMAS yurgizgan hujumlar vaqtida 1100 dan ziyod inson halok bo‘lgan, 250 nafarga yaqini asir olingan. Ulardan kamida 50 nafari azoda qolmoqda va 20 nafari tirik deb hisoblanmoqda.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘z bayonotida Eronga qarshi urush G‘azodagi g‘alaba va asirlarni ozod qilishda yordam berayotganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Isroil o‘z maqsadlariga — HAMASni yo‘q qilish va asirlarni qaytarish — bosqichma-bosqich yaqinlashmoqda.
HAMAS esa bir necha bor urushni to‘xtatish va asirlarni qaytarish uchun Isroil qo‘shinlarini G‘azodan to‘liq chiqarish hamda Isroil qamoqlaridagi barcha falastinliklarni ozod qilishni talab qilgan. Ammo Netanyaxu bu shartlarni rad etib, urushni davom ettirmoqda.
Ayni vaqtda BMT va xalqaro huquq tashkilotlari G‘azoda davom etayotgan amaliyotlarni genotsid va shafqatsiz hujum sifatida baholagan. May oyida boshlangan AQSH va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo gumanitar yordam dasturiga qaramay, 400 dan ziyod fuqaro halok bo‘lib, 2000 nafar kishi yaralangan.
18 martdan buyon, ya’ni Isroil ikki oylik tanaffusdan so‘ng hujumlarni qayta boshlaganidan beri, 5647 falastinlik nobud bo‘lgan, 19200 dan ortiq kishi yaralangan.





