
Isroil Dohada HAMAS amaldorlariga suiqasd uyushtirdi. Bu AQSH bilan kelishilgani atilmoqda
09.09.2025 | 19:2015794
Bu Qatarga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy hujum sifatida amalga oshirilgan. OAV Dohaga qilingan havo hujumi AQSH bilan oldindan kelishilgani haqida yozmoqda.

Isroil bugun, 9 sentyabr kuni Dohada HAMAS amaldorlarini yo‘q qilish maqsadida havo hujumi uyushtirdi. Bu haqda Axios Isroilning ikki rasmiysiga tayanib, ma’lum qildi.
Qatar poytaxtidagi suiqasd urinishi AQSHning G‘azoda garovga olinganlarni ozod qilish va Isroil bilan HAMAS o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha yangi sa’y-harakatlari fonida sodir bo‘lmoqda.
AQSHning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Qatar 7 oktyabr hujumlaridan beri bu jarayonda asosiy vositachi vazifasini bajarib kelmoqda.
Qatar bosh vaziri dushanba kuni Dohada HAMAS rahbarlari bilan uchrashib, ularni AQSHning yangi taklifini qabul qilishga da’vat etdi.
HAMAS rahbarlari Tramp ma’muriyatining taklifini muhokama qilish uchun to‘plangan paytda hujum amalga oshirilgan.
«Isroil harbiy-havo kuchlari Isroilga qarshi terror hujumlarida ishtirok etgan va 7 oktyabr voqealariga bevosita mas’ul bo‘lgan HAMAS rahbarlariga aniq zarba berdi», - deya bayonot berdi SAHAL va Shin Bet maxsus xizmati.
Qatar Tashqi ishlar vazirligi hujumni «beparvo» va «qo‘rqoqlaik» deb baholadi, chunki u «HAMAS Siyosiy byurosining bir necha a’zosi istiqomat qilayotgan turar-joy binolariga qaratilgan».
«Bu jinoiy tajovuz barcha xalqaro qonun va me’yorlarning ochiqdan-ochiq buzilishi bo‘lib, qatarliklar va Qatarda istiqomat qiluvchilarning xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi», - deyiladi vazirlik bayonotida.
Qatar TIV ta’kidlashicha, xavfsizlik kuchlari, fuqaro mudofaasi va tegishli idoralar darhol hodisani bartaraf etishga va uning oqibatlarini jilovlash, aholi hamda atrofdagi hududlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kirishgan.
«Tergov ishlari eng yuqori darajada olib borilmoqda», - deyiladi xabarda.
HAMAS rasmiylarining Al-Jazeera'ga aytishicha, Dohada sulh taklifini muhokama qilayotgan yig‘ilishdagi barcha a’zolar Isroilning suiqasdga urinishidan omon qolgan.





