
Isroil Eron g‘arbidagi yerosti «raketalar shahri»ga zarba berdi
15.06.2025 | 08:3031853
14 iyun kuni Isroil harbiy-havo kuchlari Eron g‘arbidagi yerosti raketalar bazasiga havo zarbasi berdi. Ushbu ob’ekt ballistik va qanotli raketalarni saqlash va uchirish uchun mo‘ljallangan edi.

Isroil rasmiylari ma’lum qilishicha, 14 iyun kuni Eronning g‘arbiy hududida joylashgan yirik yerosti harbiy ob’ekti — «raketalar shahri» SAHAL tomonidan havodan nishonga olindi. Hujum Erondagi ballistik qurollar infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan keng qamrovli harbiy operatsiya doirasida amalga oshirilgan.
Hujum qilingan «raketalar shahri» bir nechta yerosti tunnellaridan va raketalarni uchirish uchun mo‘ljallangan maxsus shaxtalardan iborat bo‘lib, u ballistik va qanotli raketalarni saqlash va boshqarish markazi bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu baza 2025 yil 10 yanvar kuni Eronda nashr etilgan targ‘ibot videolavhasida ilk marta namoyish etilgan. Shunda bu ob’ektni Eron qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni shaxsan borib ko‘rgan. Ushbu lavha orqali Eron o‘z harbiy qudratini namoyon etishga uringandi.
13 iyun kuni esa mazkur harbiy amaldorlar Isroilning oldingi hujumlari oqibatida halok bo‘lgani ma’lum qilindi. Bazaga qilingan hujum aynan ularning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq harbiy harakatlar davomida amalga oshirilgan.
SAHAL bayonotida ta’kidlanishicha, Isroilning maqsadi — Eronning raketa salohiyatini cheklash va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan strategik choralar ko‘rishdir.





