
Isroil Eronda oyatullohlar rejimiga qarshi yangi hujumlarni boshlamoqchi
15.06.2025 | 10:0025294
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eronga nisbatan yanada kuchli va keng qamrovli harbiy amaliyotlar bo‘lishini bildirdi. U Tehron osmonida Isroil samolyotlari ko‘rinish berishga yaqin ekanini ta’kidladi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 14 iyun kuni qilgan murojaatida mamlakat harbiylari Erondagi oyatullohlar rejimining barcha ob’ektlarini nishonga olishini bildirdi. U Isroil harbiy-havo kuchlari Tehron osmonida uchishga yaqin qolganini aytdi va bugungi hujumlar yaqin kunlardagi navbatdagi zarbalar oldida nisbatan arzimas ko‘rinishini ta’kidladi.
Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi ikki kunda amalga oshirilgan havo hujumlari Eronning yadroviy infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazgan. SAHAL yetakchi olimlar guruhiga zarba bergani va yadroviy dasturni bir necha yilga kechiktirgani qayd etildi. Shu bilan birga, Eronning ballistik qurollari va ularni ishlab chiqarish salohiyati ham nishonga olingan.
SAHAL ma’lumotiga ko‘ra, Isroil aviatsiyasi g‘arbiy Erondan to Tehrongacha havodagi ustunlikni qo‘lga kiritgan. Armiya matbuot kotibi Effi Defrinning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan tunda 70 dan ortiq harbiy samolyot Eron poytaxti va uning atrofidagi 40 nuqtaga zarba bergan.
Bunga javoban Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Isroilga yanada kuchli javob berilishi haqida ogohlantirdi. U bu haqda Pokiston bosh vaziri bilan suhbatda ma’lum qildi.
AEXA rahbari Rafael Grossi esa Natanzdagi yadroviy ob’ektda yer usti infratuzilmasi yo‘q qilinganini tasdiqladi. Biroq yer ostidagi asosiy uran boyitish markazlari jiddiy shikastlanmagan.
Shuningdek, Brukings instituti va Qurollanishni nazorat qilish uyushmasi mutaxassislari Eron yadroviy dasturini tiklash imkoni jiddiy ravishda cheklanganini ta’kidlamoqda. Biroq ular AEXAga hisobot berish imkoniyati yo‘qolishi mumkinligini va uran maxfiy ravishda boshqa joyga ko‘chirilishi xavfini ham eslatib o‘tishdi.
Isfahon va Fo‘rdudagi yadroviy ob’ektlar ham hujum nishoniga aylangan. Xususan, Isfahondagi uranni qayta ishlash markazi — mamlakatdagi yagona shunday inshoot bo‘lib, uning yo‘q qilinishi Eron yadroviy imkoniyatlariga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.





