
Isroil Eronga qarshi harbiy harakatga tayyorgarlik ko‘rmoqda
12.06.2025 | 11:0019213
AQSH rasmiylari Tel-Aviv rejalari haqida ogohlantirilgan.
Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlashga to‘liq tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida AQSH rasmiylariga ma’lumot berilgan. Bu haqda CBS telekanali o‘z manbalariga tayanib xabar qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil hukumatining Islom Respublikasiga qarshi ehtimoliy zarba urish niyati AQSH rasmiylariga yetkazilgan. AQSH tomoni esa bunday vaziyatda Eron tomonidan javob zarbasi, ayniqsa Iroqdagi amerikaliklar joylashgan ob’ektlarga bo‘lishi mumkinligini kutmoqda.
Shu munosabat bilan AQSH Davlat departamenti Iroqdagi elchixona xodimlarining bir qismini mamlakatni tark etishga ko‘rsatma bergan. Bu harakat ehtimoliy xavfning oldini olish chorasi sifatida baholanmoqda.
Hozircha Isroil rasmiylari bu borada rasmiy bayonot bermagan. Eron tomoni ham vaziyatga javob bildirgani yo‘q. Xalqaro kuzatuvchilar esa mintaqadagi keskinlik yanada ortishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi oylarda Isroil va Eron o‘rtasidagi munosabatlar yanada taranglashdi. Mahalliy va xalqaro tahlilchilar ikki davlat o‘rtasidagi to‘qnashuv ehtimoli yuqori ekanini bildirishmoqda.





