
Isroil Eronga tezkor zarba berishga tayyorlanmoqda
22.05.2025 | 14:017222
Agar AQSH va Eron o‘rtasidagi yadroviy muzokaralar samarasiz tugasa, Isroil Eronning yadroviy ob’ektlariga tezkor harbiy zarba berishi mumkin.

Amerikaning Axios tahliliy nashrining yozishicha, Isroil yadroviy muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakun topsa, Eronga nisbatan tezkor zarba berishga tayyorlanmoqda. Bu haqda nashr suhbatlashgan Isroil razvedkasi va harbiylari ma’lum qilgan.
Manbalarning ma’lum qilishicha, Isroilda faqat so‘nggi kunlar ichida vaziyatga nisbatan munosabat keskin o‘zgargan. Ilgari yadroviy kelishuvga erishish mumkinligiga ishonch bor edi, ammo hozirda muzokaralarning barbod bo‘lishi kutilmoqda. SAHALning baholashicha, agar amalga oshirish kechiksa, harbiy operatsiya samarasi pasayishi mumkin.
Manbalarga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSH prezidenti Donald Tramp muzokaralardan norozi bo‘lib, amaldagi harakatga rozilik berishiga umid qilmoqda. Ammo AQSH rasmiylaridan birining Axios’ga bildirishicha, Vashington Netanyahu hatto Tramp roziligisiz ham operatsiya boshlashi mumkinligidan xavotirda.
AQSH va Eron o‘rtasidagi yadroviy muzokaralarning beshinchi raundi 23 may kuni Rimda o‘tkazilishi kutilmoqda. Ushbu muzokaralar natijasi mintaqadagi vaziyatni hal qiluvchi bosqichga olib kirishi mumkin.





