
Isroil G‘azodagi yagona katolik cherkoviga zarba berdi
18.07.2025 | 10:4539342
Isroil armiyasi 17 iyul kuni G‘azo shahridagi yagona katolik ibodatxonasi — Muqaddas oila cherkoviga havo zarbasini yo‘lladi. Hujum natijasida ikki ayol halok bo‘ldi, yetti kishi jarohatlandi.

Cherkov hududida Isroil otishmalaridan panoh topganlar bo‘lgan. WAFA agentligi ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lgan ayollar ham shu boshpana izlab kelgan fuqarolardan bo‘lgan. Jarohatlanganlar orasida ikki nafarining ahvoli og‘irligi ta’kidlangan.
Hodisa paytida argentinalik katolik ruhoniysi Gabriel Romanelli ham jarohat olgan. U marhum Rim papasi Fransiskning yaqin do‘sti va ishonchli shaxsi sifatida tanilgan. Quddus Lotin Patriarxiyasi uning jarohati yengil ekanini, lekin boshqa jarohatlanganlarning holati jiddiy ekanini ma’lum qildi.
Voqeadan so‘ng, katoliklarning ruhiy yetakchisi va Rim papasi Leo XIV zarbadan chuqur afsusda ekanini bildirdi. U G‘azodagi Muqaddas oila cherkoviga qilingan hujumni keskin qoralab, darhol o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.
Cherkov Lotin ordeniga tegishli bo‘lib, G‘azodagi xristian jamoatining yagona rasmiy ibodat maskani hisoblanadi. Hujum xalqaro maydonda ham keskin muhokama qilinmoqda.





