
Isroil Google’ni qanday o‘z izmiga soldi?
Google va Amazon sud cheklovlarini chetlab o‘tish maqsadida Isroil hukumati bilan yashirin kelishuvlar tuzgan.

Isroil Google va Amazon kompaniyalarini o‘z ma’lumotlari chet el hokimiyatlariga uzatilganda ogohlantirish olish uchun maxfiy signal tizimiga rozi bo‘lishga majbur qildi. The Guardian gazetasi o‘tkazgan tergov natijasida, «ko‘z qisish» deb nomlangan bu mexanizm 2021 yilda imzolangan 1,2 milliard dollarlik «Project Nimbus» keng qamrovli shartnomasining bir qismi bo‘lgani aniqlandi.
Isroil ikki korporatsiya bulutida saqlanayotgan armiya, razvedka va davlat tuzilmalarining maxfiy ma’lumotlari sud so‘rovlari orqali boshqa mamlakatlarga yetib qolishidan xavotirda edi. Axborot sizib chiqishining oldini olish uchun amaldorlar aloqaning maxsus usulini talab qilganlar: Google va Amazon bunday holatlar haqida Tel-Avivga shifrlangan to‘lovlar orqali sezdirmasdan xabar berishlari kerak edi.
Tizim oddiy ishlardi. Masalan, agar ma’lumotni AQSH so‘rasa, kompaniya 1 000 shekel o‘tkazgan — bu mamlakat telefon kodi +1 bilan uyg‘unlashgan. Italiya uchun 3 900 shekel, Germaniya uchun 4 900 shekel belgilangan. Agar kompaniya so‘rovchi mamlakatni oshkor etish huquqiga ega bo‘lmasa, 100 000 shekel miqdorida to‘lov qilish majburiyati yuklatilgan. Barcha to‘lovlar ma’lumot topshirilgandan so‘ng bir kun ichida amalga oshirilgan.
Isroil Moliya vazirligi o‘z xizmat xatida kompaniyalar «vaziyatning nozikligini tushunishini va Isroilning shartlariga rozi ekaniini» tasdiqlagan.
AQSHlik huquqshunoslar bu sxemani xavfli va huquqiy jihatdan bahsli deb baholadilar. Sobiq prokurorlar ta’kidlashicha, mexanizm rasman qonunni buzmasa-da, uning mohiyatiga zid. Amerikalik ekspertlardan biri bu g‘oyani «dohiyona, ammo nihoyatda xavfli» deb atadi: agar bu haqda sud xabar topsa, korporatsiyalar jiddiy oqibatlarga duch kelishi mumkin.
Bundan tashqari, Nimbus shartnomasi Google va Amazon kompaniyalariga Isroil idoralarining o‘z texnologiyalaridan foydalanishini cheklashni taqiqlaydi — hatto ular harbiy maqsadlarda qo‘llanilsa yoki inson huquqlarini buzsa ham. Yaqinda Isroil armiyasini o‘z xizmatlaridan mahrum qilgan Microsoft’dan farqli o‘laroq, bu ikki kompaniya hamkorlikni to‘xtatmaslik majburiyatini olgan.
Google va Amazon qonunlarni chetlab o‘tish bo‘yicha ayblovlarni rad etdi. Biroq, The Guardian gazetasi havola qilgan hujjatlar shuni ko‘rsatadiki, Isroil misli ko‘rilmagan imtiyozlarga erishgan va global bulutli infratuzilmadagi o‘z ma’lumotlari ustidan deyarli to‘liq nazoratni qo‘lga kiritgan.





