
Isroil HAMASning 6 nafar yuqori darajali dengiz qo‘mondonini o‘ldirdi
12.07.2025 | 13:3013713
Isroil armiyasi so‘nggi oylarda HAMAS harakatiga qarashli dengiz bo‘linmasi rahbarlariga zarba berdi. Maxsus operatsiyalar natijasida 6 nafar yuqori martabali qo‘mondon o‘ldirilgan.
Isroil mudofaa kuchlari (IDF) ma’lum qilishicha so‘nggi oylarda olib borilgan operatsiyalar doirasida HAMAS harakatining dengiz bo‘linmasiga tegishli olti nafar yuqori martabali qo‘mondon yo‘q qilingan. Bu amaliyotlarda Isroil dengiz floti, Harbiy razvedka boshqarmasi, ichki xavfsizlik xizmati Shin Bet hamda Janubiy qo‘mondonlik ishtirok etgan.
IDF tarqatgan bayonotga ko‘ra, bu shaxslar «Temir qilichlar» jangi davomida Isroil fuqarolari va xavfsizlik kuchlariga qarshi dengiz orqali teraktlar uyushtirishda ishtirok etgan. Ularning ayrimlari 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga qilingan keng qamrovli hujumlarni rejalashtirishda faol rol o‘ynagani aytilmoqda.
Janubiy qo‘mondonlikka qarashli harbiy amaliyotlar doirasida Isroil armiyasi va Shin Bet agentligi HAMAS dengiz kuchlariga mansub ko‘plab ob’ektlarni — kemalar, qurol-yarog‘ omborlari va boshqa strategik nuqtalarni nishonga olgan va yo‘q qilgan.
Bu xabar Isroilning HAMAS harakatiga qarshi olib borayotgan keng qamrovli harbiy faoliyatining bir qismi sifatida e’lon qilindi. Ammo bu ma’lumotlarga HAMAS tomonidan hozircha rasmiy munosabat bildirilmadi.





