
Isroil harbiy kemalari G‘azo uchun yo‘l olgan «yordam flotiliyasi»ni to‘xtatdi
02.10.2025 | 09:0324993
1 oktyabr kuni Isroil harbiy-dengiz kuchlari G‘azoga insonparvarlik yuklari olib ketayotgan «yordam flotiliyasi»ni to‘xtatdi. Uning ichida ekofaol Greta Tunberg ham bo‘lgan.

Isroil harbiy kemalari G‘azo sektoriga yo‘l olgan bir nechta kemalarni to‘xtatdi. Kemalarda Falastinga qayg‘uruvchi faollar humanitar yuk yetkazib berishni rejalashtirgan edi.
Isroil TIV ma’lumotiga ko‘ra, kemalarga zarar yetkazilmagan, yo‘lovchilar esa Isroil portlariga olib borilgan. «Greta va uning do‘stlari xavfsiz va sog‘-salomat», — deyiladi rasmiy bayonotda. Bunda gap shved ekofaoli Greta Tunberg haqida ketmoqda.
Ma’lumot uchun, iyun va iyul oylarida ham Isroil shu kabi urinishlarni to‘xtatgan, kemalarni qaytarib yuborgan. Greta Tunberg o‘sha paytda ham flotiliya tarkibida bo‘lgan.
Yordam flotiliyasi avgust oxirida Barselonadan chiqib ketgan bo‘lib, 40 dan ortiq kater va qayiqlardan iborat edi. Unda bir necha yuz kishi qatnashgan. Aksiya tashkilotchilari Isroil taklif etgan Ashdod porti orqali yukni yetkazib berishdan bosh tortdi. Shuningdek, Italiya hukumati to‘xtash haqida qilgan chaqiriq ham rad etildi.
Flotiliya to‘xtatilgandan keyin Rim va Neapolda falastinparvar namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Norozilar Italiya Bosh vaziri Jorja Melonini flotiliya faollariga nisbatan hamdardlik bildirmagani uchun tanqid qildi.





