
Isroil havo hujumlari oqibatida IIMK qo‘mondoni va ikki yadrochi olim halok bo‘ldi
13.06.2025 | 12:0013194
Isroil tomonidan Eron hududiga amalga oshirilgan keng ko‘lamli havo hujumlari natijasida Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) bosh qo‘mondoni, yuqori darajali harbiylar hamda ikki yadrochi olim halok bo‘ldi. Eron rasmiylari bu tajovuzga qat’iy javob qaytarilishini ma’lum qildi.

Eron davlat agentligi IRNA xabariga ko‘ra, 13 iyunga o‘tar kechasi soat 03:00 da Isroil harbiy-havo kuchlari Eronning bir nechta strategik ob’ektlariga havo zarbalari berdi. Zarbalar natijasida IIQQ bosh qo‘mondoni Husayn Salami, Eron QK qo‘mondoni o‘rinbosari general G‘ulomiy Rashid, fizik olim Muhammad Mehdiy Tehronchi va Atom energiyasi tashkiloti rahbari Fareydun Abbosiy Davnoiy halok bo‘ldi.
Bundan tashqari, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Eron QK bosh shtabi rahbari Muhammad Bageriy ham halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Tehronning o‘zida hujum paytida kamida o‘n nafar tinch aholi vafot etgani aytilmoqda.
Zarbalarning asosiy nishonlari – uranni boyitish korxonalari (Natanz va Fordo), raketa bazalari (Kirmonshoh va Xurramobod), shuningdek Tehron, Isfahon, Tabrez kabi yirik shaharlar va Qumdagi diniy markazlar bo‘lgan. Isroil bu harakatni Eronning yadroviy imkoniyatlari ortishiga nisbatan ogohlantirish deb atadi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronning 9 ta atom bombasi uchun yetarli uran to‘plaganini va 3 yil ichida 10 mingta ballistik raketa ishlab chiqarishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.
Eron harbiylari esa tez orada javob zarbalari berilishini ma’lum qildi. General Abulfazl Shekarchining so‘zlariga ko‘ra, «sionistik rejim va AQSH bunga javoban qattiq to‘lov to‘laydi».
Isroilda favqulodda holat e’lon qilingan, ta’lim muassasalari yopilgan, havo hududi berkitilgan. Eron ham o‘z havo hududini yopgan. AQSH Davlat departamenti Yaqin Sharqdagi fuqarolarini ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi.





