
Isroil hujumlarida Eronda 430 kishi halok bo‘ldi, 3500 nafar kishi yaralangan
22.06.2025 | 09:3014682
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil tomonidan amalga oshirilayotgan hujumlar natijasida mamlakatda kamida 430 nafar kishi halok bo‘lgan, yaralanganlar soni esa 3500 nafarga yetdi.

Erondagi Noor News axborot agentligi xabar berishicha, Isroil harbiy operatsiyasi boshlanganidan beri mamlakatda kamida 430 kishi halok bo‘lgan. Ma’lumot Eron Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib taqdim etilgan. Operatsiya davomida 3500 nafarga yaqin kishi jarohatlangani qayd etilmoqda.
20 iyun holatiga ko‘ra, yaralanganlar soni 2800 nafar etib ko‘rsatilgan edi. So‘nggi kunlarda bu raqam yana ortayotgani aytib o‘tildi. 17 iyun kuni esa Isroil qo‘shinlari tomonidan Eron davlat teleradio kompaniyasi — IRIB binosiga qilingan hujum natijasida ushbu agentlikning uch xodimi halok bo‘lgani xabar qilingan.
Isroil va Eron o‘rtasidagi qurolli ziddiyat 13 iyun kuni yangi bosqichga o‘tdi. Isroil armiyasi Eron hududidagi yadroviy inshootlar hamda yuqori darajali harbiy shaxslarni nishonga olgan hujumlarni amalga oshirgan. Bunga javoban Eron Isroilga qarshi raketa va dronlar bilan hujumni boshlagan.





