add

Isroil kuchlari yordam izlab ketayotgan 36 g‘azolikni o‘ldirdi

20.07.2025 | 22:0049954

19 iyul kuni ertalab G‘azoda insonparvarlik yordami olish uchun yo‘lga chiqqan kamida 36 nafar falastinlik Isroil harbiylari tomonidan o‘ldirildi. Bu haqda G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi va Xon Yunisdagi al-Nasser shifoxonasi ma’lum qildi.

Isroil kuchlari yordam izlab ketayotgan 36 g‘azolikni o‘ldirdi
Falastinliklar oziq-ovqat tarqatiladigan punktga qarab yo‘l olgan paytda, Isroil armiyasi ularga nisbatan «ogoxlantiruvchi o‘q» qo‘llanilganini ta’kidladi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, ularning so‘zlariga quloq solmagan shaxslar harbiylar nazoratidagi hududga yaqinlashgan. Biroq guvohlar voqea boshqacha rivojlanganini aytmoqda. Jabrlanganlardan biri Muhammad al-Xolidiyning ta’kidlashicha, odamlar safni tartibga solish maqsadida harakatlangan, ammo to‘satdan har ikki tomondan tank va avtomobillar chiqib, o‘q uzishni boshlagan. AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan G‘azo Gumanitar Jamg‘armasi (GHF) mazkur hodisa yordam punktlaridan bir necha kilometr uzoqda sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Tashkilotning ta’kidlashicha, odamlardan kechasi tarqatish punktlariga kelmaslik so‘ralgan. Shu bilan birga, GHFning o‘zining mavqei ham tanqid ostida qolmoqda. BMTning Jenevadagi inson huquqlari bo‘yicha idorasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi olti haftada yordam punktlari atrofida 875 kishi halok bo‘lgan. 19 iyul kuni anklvavning boshqa hududlarida yana kamida 50 nafar falastinlik, jumladan, Nusayrat lageridagi HAMAS polisiya boshlig‘i va uning 11 nafar oila a’zosi o‘ldirilgan. Isroil armiyasi esa faqat harbiy ob’ektlar va snayper pozisiyalari nishonga olinganini iddao qilmoqda. 2023 yil 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan urushda 58 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Ular orasida ko‘pchiligini ayollar va bolalar tashkil etadi. Aholining deyarli barchasi o‘z uylarini tark etgan. Ayni paytda Isroil va HAMAS Dohada AQSH, Misr va Qatar vositachiligida 60 kunlik tinim va garovdagilarni ozod etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Ammo hozircha natija kuzatilmayapti.

Teglar

Mavzuga oid