Isroil soyasidan chiqish talabi: Eron AQSHga qattiq ogohlantirish berdi

Kecha 21:451 daqiqa

Eron TIV rasmiy vakili Ismoil Baqoiy AQSHning Yaqin Sharqdagi siyosati Tel-Avivga asir bo‘lib qolganini aytmoqda.

Isroil soyasidan chiqish talabi: Eron AQSHga qattiq ogohlantirish berdi

Eronga nisbatan harbiy tajovuz amalga oshirilgan taqdirda mamlakat bunga «qaqshatkich javob» qaytaradi. Bu haqda Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Tehron o‘z xavfsizligiga qaratilgan har qanday hujumni javobsiz qoldirmaydi.

Vashington siyosatidagi mustaqillik va Isroil omili

Baqoiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSH tashqi siyosatidagi asosiy muammolardan biri qarorlarning hali-hamon Isroil pozitsiyasiga bog‘lab qabul qilinayotganidir. U bu holat Yaqin Sharqdagi barqarorlikka jiddiy putur yetkazayotganini ta’kidladi va Vashingtonni mustaqil siyosiy yo‘l tutishga chaqirdi.

«Bizning muzokara bo‘yicha sherigimiz — Amerika Qo‘shma Shtatlari. Aynan Vashington mustaqil qaror qabul qilishi hamda mintaqaga zarar yetkazayotgan bosim va ta’sirlardan xoli tarzda harakat qilishi lozim», — deya ta’kidladi u.

Shu bilan birga, Baqoiy Yevropa Ittifoqi va ayrim Yevropa davlatlarining diplomatik jarayonlarda mustaqil ta’sir o‘tkazish imkoniyati cheklanganini bildirdi.

Yadroviy obyektlarga zarbalar va Maskat muzokaralari

Tehron va Vashington o‘rtasidagi muzokaralar qariyb sakkiz oylik tanaffusdan so‘ng 6-fevral kuni Maskat shahrida qayta tiklandi. Diplomatik aloqalar Isroilning Eronga qarshi 12 kun davom etgan harbiy hujumidan keyin to‘xtab qolgan edi.

O‘sha harbiy harakatlar doirasida AQSH tomonidan Eronning uchta muhim yadroviy obektiga zarbalar berilgan. Ayni paytda tomonlar o‘rtasidagi muloqot mintaqadagi xavfsizlik va yadroviy dastur masalalari bilan bog‘liq keskin vaziyat fonida davom etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid