add

Isroil va Eron mojarosi yangi savdo yo‘llarini xavf ostiga qo‘ymoqda

Yangi geosiyosiy mojaro tufayli pandemiyadan keyin tiklanayotgan logistika va savdo yo‘llari yana xavf ostida qolishi mumkin. Prezident videoselektor yig‘ilishida bu xavotirga alohida to‘xtaldi.

Isroil va Eron mojarosi yangi savdo yo‘llarini xavf ostiga qo‘ymoqda
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlashuv nafaqat Yaqin Sharq, balki O‘rta Osiyo mintaqasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Endigina faollashgan savdo aloqalari va logistika marshrutlari yana qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Prezident bu kabi global xavflar sharoitida hudud rahbarlari va sohaviy vazirlar topshiriq kutmasdan o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, oldindan harakat qilishlari lozimligini ta’kidladi. Ularning asosiy vazifasi – aholi va tadbirkorlar bilan muloqotni kuchaytirish, dolzarb muammolarni tezkor hal etishdan iborat ekani qayd etildi. Yig‘ilishda ayni vaqtda dunyoda tinchlik, adolat va inson qadriga ehtiyoj yanada oshgani, bu jarayonda O‘zbekiston ham o‘z mas’uliyatini his qilishi lozimligi uqtirildi. Prezident nutqida tinchlik va barqarorlikka dahl qiluvchi har qanday omil iqtisodiy tiklanish va mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga to‘sqinlik qilishi mumkinligi yana bir bor ta’kidlandi.

Teglar

Mavzuga oid

Isroil va Eron mojarosi yangi savdo yo‘llarini xavf ostiga qo‘ymoqda | Vaqt.uz